Bugun Shavkat Mirziyoyev BMTda chiqish qiladi

Tadbirlar

Prezident avvalgi nutqida ilgari surgan va amalga oshgan tashabbuslar sanab oʼtildi

Bugun, 23 sentyabrь kuni Oʼzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Аssambleyasining 75-sessiyasida soʼzga chiqadi. Unda davlat rahbari mintaqa va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash kabi masalalarda oʼz tashabbuslarini ilgari surishi kutilmoqda.

Videoanjuman shaklida oʼtadigan yigʼilishda Shavkat Mirziyoevning chiqishi Toshkent vaqti bilan soat 18:00ga toʼgʼri keladi.

Nuqt oldidan «Yuksalish» umummilliy harakati prezident tomonidan 2017 yil sentyabrida, BMT Bosh Аssambleyasi 72-sessiyasida ilgari surilgan va amalga oshirilgan tashabbuslarni sanab oʼtdi.

«Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida Аfgʼoniston boʼyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferentsiyasi tashkil etildi (2018 yil 27 mart).
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvlari oʼtkazildi. BMT Bosh Аssambleyasining «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʼyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi qabul qilindi (2018 yil 22 iyunь).
Orolboʼyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʼyicha koʼpsheriklik Trast jamgʼarmasiga asos solindi (2018 yil 27 noyabrь).
BMT Bosh Аssambleyasining «Maʼrifat va diniy bagʼrikenglik» haqidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi (2018 yil 12 dekabrь).
Yoshlar huquqlari toʼgʼrisidagi Konventsiya loyihasi ishlab chiqildi. U inson huquqlari boʼyicha ikkinchi Samarqand veb-forumida muhokama qilindi (2020 yil 12-13 avgust).
Orol muammosi

Shavkat Mirziyoev BMT minbaridagi avvalgi nutqida dunyo hamjamiyati eʼtiborini yana bir bor bugungi kunning eng oʼtkir ekologik muammolaridan biri — Orol halokatiga qaratgan edi.

Davlat rahbari dengizning qurishi bilan bogʼliq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi saʼy-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etayotganini taʼkidladi.

2018 yil 27 noyabrda Orolboʼyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʼyicha koʼpsheriklik Trast jamgʼarmasi tashkil etildi.

Аfgʼoniston muammosi

Prezident 3 yil oldingi nutqida Аfgʼonistonda tinchlikka erishishning yagona yoʼli — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar oʼrtasida oldindan hech qanday shart qoʼymasdan, toʼgʼridan-toʼgʼri muloqot olib borish zarurligini taʼkidlagandi.

2018 yil 27 mart kuni «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida Аfgʼoniston boʼyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferentsiyasi boʼlib oʼtdi.

Maʼrifat va diniy bagʼrikenglik haqidagi rezolyutsiya

Mirziyoev BMT Bosh Аssambleyasining 72-sessiyasida jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazish muhimligini taʼkidlagandi.

Davlat rahbari sessiyada BMT Bosh Аssambleyasining «Maʼrifat va diniy bagʼrikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan chiqqandi. Hujjatning asosiy maqsadi — barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʼmaklashishdan iborat.

2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Аssambleyasi ushbu rezolyutsiyani qabul qildi.

Markaziy Osiyodagi birdamlik

Oʼzbekiston prezidenti oʼsha nutqida «Oʼzbekiston bugungi kunda oʼzining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda», — deya taʼkidlagan edi.

2018 yil 22 iyunь kuni BMT Bosh Аssambleyasi yalpi majlisida «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Yoshlar huquqlari toʼgʼrisidagi xalqaro konventsiya

BMT Bosh Аssambleyasining 72-sessiyasida soʼz olgan Shavkat Mirziyoev yoshlarning oʼz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zoʼravonlik gʼoyasi «virusi» tarqalishining oldini olish ahamiyatini taʼkidlagandi.

Shu munosabat bilan, Oʼzbekiston globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat — BMTning Yoshlar huquqlari toʼgʼrisidagi xalqaro konventsiyasini ishlab chiqishni taklif etmoqda.