Prezident yangi tahrirdagi "Ta'lim to'g'risida"gi qonunni imzoladi

E'lonlar

“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–637, 23.09.2020) Prezident tomonidan imzolandi. 

Yangi tahrirdagi Qonunda oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim turlari toʻgʻrsida maʼlumotlar koʻrsatib oʻtilgan. 

Oʻrta maxsus taʼlim akademik litseylarda 9 yillik tayanch oʻrta taʼlim asosida 2 yil mobaynida amalga oshiriladi.

Professional taʼlim boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim darajalariga ajratiladi:

➖ Boshlangʻich professional taʼlim kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida kunduzgi taʼlim shaklida 2 yillik integratsiyalashgan dastur asosida bepul amalga oshiriladi;

➖ Oʻrta professional taʼlim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki toʻlov-shartnoma asosida davomiyligi 2 yilgacha boʻlgan kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha amalga oshiriladi;

➖ Oʻrta maxsus professional taʼlim texnikumlarda davlat buyurtmasi yoki toʻlov-shartnoma asosida davomiyligi kamida 2 yil boʻlgan kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha amalga oshiriladi.

Oliy taʼlim boʻyicha:

➖ oliy taʼlimni kunduzgi shakldan tashqari kechki, sirtqi va masofaviy shakllarda olish mumkinligi;

➖bakalavriat taʼlim yoʻnalishida taʼlim olishning eng kam muddati 3 yil, magistraturada 1 yil boʻlishi;

➖oliy taʼlim muassasalariga kredit tizimi asosida taʼlim jarayonini tashkil etish imkoniyatining berilishi mustahkamlab qoʻyildi.

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʻyicha:

➖- ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar berish tartibi, shuningdek, harbiy, tibbiyot va boshqa taʼlim tashkilotlarida oliy taʼlimdan keyingi taʼlim olishning oʻziga xos xususiyatlari;

➖oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni olish muddatlari belgilandi.

Qonunga koʻra, davlat oliy taʼlim, oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladi. 

Mazkur Qonun qabul qilinishi bilan,1997-yil 29-avgustdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Qonunlar oʻz kuchini yoʻqotdi.

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.