OLIY TA'LIM: MASOFAVIY TA'LIMNING BUGUNGI HOLATI VA ISTIQBOLI

E'lonlar

Respublika oliy ta'lim muassasalarida o‘quv jarayoni uzluksizligini ta'minlash hamda talabalarning bilim olish faoliyatini masofadan turib metodik qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yil 1 apreldan masofaviy ta'lim platformalari ishga tushirildi. Bunday platformalar, avvalombor, talabalarga mutlaqo yangi formatdagi, ya'ni virtual muhitda o‘quv jarayonini tashkil etish imkoniyatini berdi.

Buning uchun birinchi navbatda ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar o‘quv rejalari asosida joriy semestrdagi fanlarning dasturlari bo‘yicha o‘quv resurslarini yaratishga e'tibor qaratildi, oliy ta'limda o‘qitilayotgan 6102 ta fandan masofaviy ta'lim resurslari yaratildi va har bir oliy ta'lim muassasasining masofaviy o‘qitish platformalariga joylashtirildi.

Ikkinchidan, barcha oliy ta'lim muassasalarining masofaviy o‘qitish platformalari vazirlikning https://dist.edu.uz/ yagona portaliga birlashtirildi. Bu esa oliy ta'lim muassasalarida masofaviy ta'lim sifatini ta'minlash jarayonlari monitoringini olib borish, o‘quv resurslardan hamkorlikda foydalanish imkoniyatini berdi.

Uchinchidan, ta'lim yo‘nalishlari o‘quv rejasidagi barcha uchun umumiy bo‘lgan fanlardan videoma'ruzalar joylashtirib borildi, buning uchun telegramm ijtimoiy tarmog‘ida @eduuz_online kanali ochildi va unga o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan videoma'ruzalar joylashtirildi.

To‘rtinchidan, barcha talabalar uchun ochiq ta'lim resurslarini yaratish maqsadida TAS-IX tamog‘ida https://tube.edu.uz videoportali ishga tushirildi. Hozirgi kunga qadar ushbu videoportalga 400 dan ortiq videodars joylashtirildi.

Shuningdek, talabalarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida vazirlik portali tarkibida audiokitoblar elektron kutubxonasi https://audiobook.edu.uz tashkil etildi, unga zamonaviy va klassik adabiyotlar joylashtirilib borilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda 3 ta, shuningdek, Farg‘ona, Surxondaryo va Samarqand viloyatlari telekanallari orqali fanlar bo‘yicha teledarslar o‘tkazish tizimli yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, “Mening yurtim” (MY5) telekanalida Psixologiya va Ingliz tili fanlaridan, «UzReport» telekanalida akademik litsey o‘quvchilari uchun matematika, ingliz tili, fizika, informatika, rus tili, geografiya, oila psixologiyasi, matematika ingliz tilida SAT fanlaridan, pedagogika ta'lim sohasining barcha bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari fanlaridan ZO'R TV telekanali hamkorligida teledarslar yo‘lga qo‘yildi.

Yuqorida qayd etilgan ishlar talabalarning masofadan turib ta'lim olish imkoniyatini berdi. Buning uchun oliy ta'lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar tomonidan tegishli o‘quv resurslari yaratildi va ular o‘zlarining fanlari bo‘yicha avvaldan tayyorlab yurgan barcha o‘quv materiallarini platformaga joylashtirib borаidilar. Virtual muhitda ishlashni yaxshilash uchun “Masofaviy ta'limni tashkil etish texnologiyalari” kurslari yo‘lga qo‘yildi.

Oliy ta'lim muassasalari 85 ta zamonaviy server qurilmalari bilan ta'minlandi, Internet tezligini oshirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.

Coursera tashkiloti (AQSh) bilan homkorlikda Coursera platformasidagi jahonning yetakchi oliy ta'lim muassasalari va tashkilotlarining 430 ta yo‘nalishlar bo‘yicha 3 800 turdagi o‘quv kurslaridan oliy ta'lim tizimidagi professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun bepul ta'lim olish imkoniyati yaratildi. Hozirgi kunda 2000 dan ortiq professor-o‘qituvchilar va talabalar ro‘yxatdan o‘tib o‘quv kurslarida onlayn ta'lim olishmoqda. Shu bilan birga, har bir oily ta’lim muassasasi, jami 195 ta zamonaviy serverlar, 9100 ta computer qurilmalari hamda markazlashgan ma’lumotlar markazi (Data-sentr) bilan jihozlandi. 9 ta oliy ta’lim muassasalarida videostudiyalar hamda 12 ta “Smart class” xonalari tashkil etildi. 21 tа oily ta’lim muassasalarida«E-MINBAR» qurilmalari o’rnatildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda respublikadagi aloqa operatorlari tomonidan oliy ta'lim muassasalarining masofaviy ta'lim platformalari va axborot tizimlariga kirishda bepul va boshqa ta'lim resurslaridan foydalanish uchun alohida imtiyozli trafiklarni taqdim etish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, “UZTELECOM” milliy operatori jismoniy va yuridik shaxslar uchun “TA'LIM” tarif rejasini, shuningdek, maxsus internet-paketlar guruhini taqdim etdi. “MOBIUZ” mobil aloqa operatori tomonidan “TALABA+” imtiyozli tarif rejasi ishga turildi hamda ushbu tarif rejasida OTMlarning masofaviy ta'lim resurslaridan foydalanish mutlaqo bepul qilindi.

Bugungi kunda ushbu ro‘yxat asosida “UZTELECOM” milliy operatori tomonidan “TA'LIM” tarif rejasi orqali masofaviy ta'lim platformalaridan mutlaqo bepul foydalanish imkoniyati yaratildi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab masofaviy ta'lim platformalaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida barcha oliy ta'lim muassasalaridagi Internet tezligi 50мбит/секунддан
 1 Gbit/sekund gacha oshirildi. Jumladan, “O‘zbektelekom” AK tomonidan “MINVUZ” tarif rejalari seriyasiga o‘zgartirishlar kiritilib, amaldagi tarif rejalarining 1 Mbit/s Internet tezligiga to‘g‘ri keladigan narxni 61 500 so‘mdan 7 500 so‘mgacha, ya'ni
8,2 barobarga kamaytirildi. Internet tezligi 7 dan 9 barobargacha, “Tas-IX” va “UZ-IX” tarmoqlariga ulanish tezligi esa 10 dan
25 barobargacha oshirildi.

Shu bilan birga, bitiruvchi kurs talabalarining o‘quv jarayoni poyoniga yetish arafasida bo‘lgani uchun ularga o‘z vaqtida bitirishlari uchun tegishli sharoitlar yaratib berildi, onlayn himoyalar o‘tkazildi. Bitiruvchilarga diplomlarini onlayn olish imkoniyati ishlab chiqildi, mamlakatimizda birinchi bor QR kodli diplomlar berildi.

Bundan tashqari, aprel oyidan boshlab oliy ta'lim muassasalarida rejalashtirilgan barcha ilmiy konferensiyalar, seminarlar onlayn formatda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa, fan olimpiadalari bu yil onlayn formatda amalga oshirildi. Bundan tashqari, talabalar o’rtasida Respublika fan va olimlar nomidagi nufuzli xalqaro onlayn tanlovlar o’tkazish tizimli yo’lga qo’yiladi.

 2019-2020 o‘quv yilining ikkinchi semestrida ushbu tizimlardagi 113 ta oliy ta'lim muassasasining ta'lim resurslaridan foydalanish uchun 417 816 nafar talaba va 29 030 nafar professor-o‘qituvchi ro‘yxatdan o‘tib, tegishli faoliyatlarini masofaviy ta'lim platformasida olib bordilar. Boshqacha qilib aytganda, texnik jihatdan imkoniyati bor va xohlovchi talabalarga masofadan o‘qish imkoniyatlari berildi.

Rivojlangan davlatlarda ham dastlab masofaviy ta'lim asosan laboratoriya ishlari, amaliy mashg‘ulotlar kam bo’lgan ta'lim yo‘nalishlarida amalga oshirildi.

Masofaviy ta'lim sifatini ta'minlash uchun, ham oliy ta'lim muassasalari, ham professor-o‘qituvchilar, ham talabalar hamda aloqa kanallari birdek tayyor bo‘lishlari lozim. Lekin avvaldan ta'lim sohasiga masofaviy o‘qitish elementlarini kiritib borishga yo‘naltirilgan maqsadli faoliyat pandemiya tufayli ushbu ishlarni tezlashtirishni taqozo etdi. Muhimi, yo‘nalish to‘g‘ri belgilangani, ta'lim muassasalarida xato qilishdan qo‘rqmaslik ma'lum darajada yangi formatdagi o‘quv jarayonini boshlashni ta'minladi.

 Bugungi kunda oliy ta'lim muassasalarida yangi o‘quv yilidan kredit-modul tizimini joriy etishdi. Xo‘sh, bu tizim nima beradi? Avvalambor, yangi tizim talabalarni ko‘proq mustaqil ta'lim olishlarini talab etadi. Mustaqil ta'lim faqatgina darslik yoki o‘quv qo‘llanmadan foydalanib tayyorlanishni emas, balki ko‘plab axborot manbalaridan foydalanishni taqozo etadi.

 Bugungi kunda ta'lim paradigmasi o‘zgarmoqda, yetakchi xorijiy universitetlar ham, variativ (gibrid shakl) ta'lim traektoriyalarini, masofaviy kurslarni, o‘qitish texnologiyalarini tobora keng joriy etishmoqda. Pandemiya sharoitlarida bizning oliy ta'lim muassasalari ham ma'lum ma'noda dastlabki tajribani to‘plashdi.

Raqamli universitet loyihasi

Hozirgi kunda ta'lim jarayoniga oliy ta'lim muassasalaridan olinadigan turli hisobot va ma'lumotlar sonini keskin kamaytirish, ularni tayyorlashning qog‘oz shaklidan voz kechish, boshqaruv tizimini raqamlashtirish maqsadida Raqamli universitet loyihasi doirasida “Oliy ta'lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi” (HEMIS - Higher Education Management Information Systems) ishlab chiqildi. Ushbu axborot tizimi «Ma'muriy boshqaruv», «O‘quv jarayoni», «Ilmiy faoliyat» va «Moliyaviy boshqaruv va statistika» axborot tizimlarini o‘z ichiga oladi.

Oliy ta'lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimini joriy etishdan maqsad:

- OTM faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash;

- oliy ta'lim tizimida o‘quv, ilmiy, ma'muriy va moliyaviy jarayonlarni avtomatlashtirish;

- oliy ta'lim tizimida byurokratik to‘siqlar yuzaga kelishini oldini olish va moliyaviy xarajatlarni qisqartirish;

- OTM, talaba, va ish beruvchi tashkilotlar o‘rtasida uzviylikni ta'minlash;

- boshqaruv jarayonlari uchun sarf qilinadigan vaqtni qisqartirish va mehnat samaradorligini oshirish;

- ta'lim jarayoni ishtirokchilari faoliyati samaradorligini monitoring qilish;

- tahliliy ma'lumotlarni shakllantirish va qaror qabul qilish jarayonini optimallashtirish va tezlashtirish.

Loyihaning «O‘quv jarayoni» va «Ma'muriy boshqaruv» axborot tizimlarining dastlabki bosqichi 2020/2021 o‘quv yilida kredit-modul tizimiga o‘tkazilgan 43 ta oliy ta'lim muassasalarida test rejimida joriy etilmoqda. Axborot tizimida oliy ta'lim muassasalari pedagog xodimlari, bakalavriat, magistratura talabalariga oid ma'lumotlarini (Student Record System) o‘zida aks ettiradi. Ushbu axborot tizimida har bir talaba o‘zining profili orqali fanlarning elektron resurslari, dars jadvali, nazorat jadvali, davomati va o‘zlashtirishi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni olish imkoniyati mavjud. Ushbu axborot tizimini joriy etish orqali 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalarida talabalar reyting daftarchasi, guruh jurnalini bekor qilish rejalashtirilgan.

Malaka oshirish tizimi: amalga oshirilgan ishlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 avgustdagi «Oliy ta'lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida» PF-5789-sonli Farmoniga muvofiq 2019 yilning 1 sentyabridan malaka oshirishning bevosita va kasbiy faoliyatga aloqador bilvosita shakllarini variativ va bir-birini to‘ldirish tamoyillari asosida rahbar va pedagog kadrlarning uzluksiz malaka oshirish tizimi amaliyotga joriy etildi.

Farmonga asosan oliy ta'lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash sifatiga qo‘yilgan talablardan biri bo’lib, butun jahon Internet axborot tarmog‘i, multimedia tizimlari va masofadan o‘qitish usullaridan foydalangan holda, ilg‘or pedagogika, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni egallash, ularni o‘quv jarayoniga faol tatbiq etish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirildi.

Shuningdek, ushbu farmon bilan nafaqa yoshidagi, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda uch yoshga to‘lmagan farzandi bor ayol rahbar va pedagog kadrlar uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari masofaviy shaklda amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

Masofadan o‘qitishning onlayn videoma'ruzalar, onlayn maslahatlar, nazorat turlarini masofadan turib real vaqt rejimida o‘tkazish hamda offlayn – masofaviy ta'lim tizimidagi tegishli o‘quv-metodik resurslari yangilangan 214 yo‘nalishdagi o‘quv reja va dasturlar asosida qayta ko‘rib chiqilib xorijiy tajriba asosida takomillashtirildi. Shuningdek, tinglovchilarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ularni qiziqtirgan mavzular yuzasidan vebinar ma'ruzalar tashkil etilib borilmoqda. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari 3000 dan ortiq  ma’ruza va amaliy mashg’ulotlar vebinar ko’rinishida tashkil etildi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari veb-saytlari Webometrics xalqaro reyting talablari asosida takomillashtirildi.

 

 

Hozirgi kunda masofaviy kurslarni tashkil etishda  Dell PowerEdge, HP ProLiant ML310e Gen8, Seagate-DP4 nomdagi 8 turdagi serverlar orqali tarmoqdagi mavjud xostlarni bir-biri bilan nomi orqali murojat qilishni ta'minlash, videokonferensiyani o‘tkazish, barcha ma'lumotlarni har kunlik avtomatlashtirilgan zahira nusxasini olish xizmatlari yo‘lga qo‘yildi hamda ularga o‘rnatilgan veb serverlarda masofaviy ta'lim resurslari, elektron portfolio ma'lumotlari, mediaportal, ma'lumotlar bazalari joylashtirildi.

Tinglovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida videoma'ruzalar katalogini yuritish maqsadida Mediaportal (http://media.bimm.uz) ishlab chiqilib, video ma'ruzalar joylashtirib borilishi yo‘lga qo‘yildi.

Ilmiy jurnallari platformasi

«Ilm-fan – 2020» milliy rivojlanish dasturi doirasida Niderlandiyaning «Elsevier» kompaniyasi qoshidagi Digital Commons (Bepress) dasturi ko‘magida O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalarining nufuzli ilmiy jurnallari platformasini yaratish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

«Elsevier» kompaniyasi tomonidan respublikadagi oliy ta'lim muassasalarining 41 ta ilmiy jurnallarini o‘zida birlashtirgan platforma yaratildi. Bu platformada xolisona taqriz tizimi konfiguratsiyasi (double-blind peer review) qo‘llaniladi, bunda ilmiy maqolalar mualliflari hamda taqrizchilari to‘risidagi ma'lumotlar maxfiy saqlanadi.

Mazkur platformaning yaratilishi O‘zbekiston olimlarining ilmiy faoliyatini jahon ilm-fani bilan integratsiyalashuviga xizmat qilib, respublikamiz ilm-fanini dunyoga namoyon qilish imkonini beradi va mahalliy ilmiy nashrlarning sifati va raqobatbardoshligini oshiradi. Eng muhimi, O‘zbekiston, hamkorlik samarasini oshirish uchun xalqaro talablar asosida sifatli platformalar yaratish orqali Markaziy Osiyoning ilmiy va ta'lim markazi (xab)ga aylanishida yana bir muhim qadam qo‘yildi.

Hamkorlik doirasida ilmiy jurnallar muharrirlarini tayyorlash, muvofiqlashtirish va sertifikatlash ishlari olib boriladi. Nashrlarning dizayni va logotipi ishlab chiqiladi, ISSN talab qilinadigan ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish amalga oshiriladi hamda xalqaro talablar darajasida ilmiy maqolalar raqamlashgan arxivi yaratildi.

Ma'lumot uchun, Digital Commons (Bepress) ilmiy jurnallar uchun elektron platformalar yaratish, shu jumladan, ularni retsenziyalash bo‘yicha barcha servis xizmatlarini ko‘rsatuvchi dunyodagi yetakchi kompaniya hisoblanadi. U 1999 yilda tashkil etilgan bo‘lib, avval Berkeley press kompaniyasi (AQSH) sifatida tanilgan, hozirda dunyoning 1000 dan ziyod yetakchi universitetlari, shu jumladan, AQSHning 90 foizdan ko‘proq universitetlariga xizmat ko‘rsatadi.

Inkubatsiya markazlarini tashkil etish

Toshkent shahridagi oliy ta'lim muassasalarida 8 ta inkubatsiya markazlarini tashkil etish tajribasi asosida Qashqadaryo viloyatidagi 6 ta oliy ta'lim muassasasida IT-parkning inkubatsiya markazlarini tashkil etilmoqda.

  Inkubatsiya markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali:

– viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun korxonalar va tashkilotlarning ehtiyojlaridan kelib chiqib zarur bo‘lgan
IT ishlanmalarni yaratish yo‘lga qo‘yiladi;

– oliy, o‘rta va professional ta'lim, biznes va ishlab chiqarish sohasi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar va sheriklik uchun sharoitlar yaratiladi;

  • talabalarning axborot texnologiyalari sohasida startap g‘oyalarini hamda innovatsion ishlanmalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi, jumladan, innovatsion g‘oyalar va startap loyihalarini rivojlantirish uchun marketing, yuridik va boshqa maslahat yordamlarni ko‘rsatishga zaruriy infratuzilma shakllantiriladi;

– startap loyihalarini amalga oshirishda talabalarni qo‘llab-quvvatlash va ularga o‘z innovatsion faoliyatlari natijalarini tijoratlashtirishga ko‘maklashiladi;

– oliy ta'lim muassasalari talabalarining malakaviy amaliyotlarini IT-parkning rezident-kompaniyalarida o‘tashlari yo‘lga qo‘yiladi;

– inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha, shuningdek, startap ekotizimi va IT-tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun tanlovlar, dasturlar, ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar tashkil etiladi;

– “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini tashkil etish orqali axborot texnologiyalariga qiziquvchi yoshlarga keng imkoniyatlar yaratiladi.

«Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, biznes hamjamiyati va ilmiy doiralar vakillari hamda xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasi tasdiqlandi.

Hududlarda hokimlar, davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish uchun tegishli oliy ta'lim muassasalari biriktiriladi hamda ularning 12 ming nafar xodimi axborot texnologiyalari sohasida o‘qitiladi.

Axborot kommunikatsiyalar sohasida  oliy va professional ta'lim bo‘yicha bugungi kunda 18.000 ga yaqin kadrlar tayyorlanmoqda. 2022 yilga qadar 28 minggacha yetkazish rejalashtirilgan.

Oliy ta'lim muassasalari talabalarini, akademik litsey, kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar o‘quvchilarini «Bir million dasturchi» loyihasiga keng jalb qilinadi, bunda:

 2020-2021 o‘quv yilidan kasb-hunar maktablarida o‘qitiladigan
120 soatlik “Informatika va axborot texnologiyalari” fan dasturi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan “Bir million dasturchilar” loyihasi doirasida dasturlash yo‘nalishlari mavzulari kiritilgan “Informatika va axborot texnologiyalari” fan dasturi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

“Bir million dasturchilar” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli bitirgan oliy ta'lim muassasalari talabalari hamda akademik litsey va professional ta'lim muassasalari o‘quvchilarining mustaqil ishi sifatida baholash tartibi tasdiqlandi.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda “Bir million dasturchilar” loyihasi doirasida oliy, o‘rta va professional ta'lim muassasalari o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Strategiya (dastur)ga ko‘ra:

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Toshkent viloyati filiali tashkil etiladi;

2021 yilda Guliston davlat universitetida axborot texnologiyalari fakulteti tashkil etiladi;

har bir tuman (shahar)lar da tashkil etiladigan Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlariga hududdagi oliy ta'lim muassasalarining axborot texnologiyalariga oid fanlar professor-o‘qituvchilari jalb etiladi;

«Raqamli universitet» axborot tizimini ishga tushiriladi va o‘quv, ilmiy, moliyaviy jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtiriladi;

«Professional ta'lim jarayonlarini boshqarish» axborot tizimi ishlab chiqiladi;

«Oliy, o‘rta maxsus va professional ta'lim talabalari to‘g‘risidagi elektron ma'lumotlar bazasi» shakllantiriladi;

oliy, o‘rta maxsus va professional ta'lim to‘g‘risidagi diplomlar dublikatini berish davlat xizmati joriy etiladi hamda «Dublikat» axborot tizimini ishlab chiqiladi;

oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilari, talabalari uchun ilg‘or badiiy, ilmiy va o‘quv adabiyotlar elektron kataloglarini integratsiya qilgan holda yagona «Raqamli kutubxona» axborot tizimi joriy etiladi;

tayanch oliy ta'lim muassasalarida yetakchi professor-o‘qituvchilari ma'ruzalarining audiovizual ta'lim kontentini hamda multimedia ta'lim mahsulotlarini (audiokitoblar, 3D, VR va boshqalar) ishlab chiqaruvchi maxsus media markazlar tashkil etiladi;

ta'lim muassasalari talabalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar bazasini shakllantirish axborot tizimi joriy etiladi;

oliy ta'lim muassasalarda tahsil olayotgan talabalarni o‘qish xarajatlarini onlayn to‘lash va mablag‘lar hisobini yuritishni avtomatlashtirish bo‘yicha «O‘qish xarajatlarini onlayn to‘lash va mablag‘lar hisobini yuritish axborot tizimi»ni ishlab chiqish joriy etiladi;

«Professional ta'lim diplomlariga QR-kod qo‘yish axborot tizimi»ni joriy qilinadi;

oliy ta'lim tizimini takomillashtirish maqsadida oliy o‘quv yurtlarida masofaviy ta'lim mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish choralari ko‘riladi hamda raqamli ko‘nikmalarga bo‘lgan talablarni hisobga olgan holda ta'lim tizimining professional standartlari qayta ko‘rib chiqiladi;

yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat stipendiyalari (grantlari), shuningdek, boshqa imtiyoz va preferensiyalar olish uchun onlayn ariza berish imkoniyati joriy etiladi;

axborot texnologiyalari sohasida «Aqlli universitet» texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishida Estoniya davlati bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

 

Yusuf Qodirovich Absoatov,

 Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirining

 axborot texnologiyalari va yoshlar bo'yicha o'rinbosari.