TALABALAR VA ULARNING YAQINLARI DIQQATIGA!!!

E'lonlar

Ma'lumki, joriy o‘quv yili uchun belgilangan qishki ta'til davri 24-yanvarga qadar uzaytirildi. Shu bilan bir qatorda talaba-o‘quvchilarga o‘z uylaridan ta'lim muassasalariga qaytishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida temiryo‘l chiptalari ta'rif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham 2022-yilning 24-yanvariga qadar uzaytirildi.

Bundan tashqari, 2022-yilning 11-yanvarigacha bo‘lgan muddatga xarid qilingan avia va temiryo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib berilmoqda.

Ammo ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar orqali vokzallardagi temiryo‘l kassalarida katta navbatlar yuzaga kelgani va bu esa temiryo‘l kassalarida chipta sotuvida  ayrim noqulayliklar keltirib chiqarayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Shu sababli talabalar va ularning yaqinlariga murojaat qilmoqchimiz!

Temiryo‘l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham, 11-yanvargacha bo‘lgan davrga xarid qilingan avia va temiryo‘l chiptalarini bepul tarzda almashtirib berish muddati ham 2022-yilning 24-yanvariga qadar uzaytirilganini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Shunday ekan, aziz talabalar, hurmatli ota-onalar 24-yanvarga qadar zaxirangizda qariyb 17 kun bor. 

Barcha talabalarning 11-yanvargacha bo‘lgan davrga xarid qilingan temiryo‘l chiptalari to‘liq bepul tarzda almashtirib beriladi. Ehtiyojdan kelib chiqib, qo‘shimcha yo‘lovchi poezdlar qatnovi ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. 

Shuningdek, siz chiptalarni joylardagi (shahar, tuman) temiryo‘l kassalaridan ham almashtirish imkoniga egasiz.

Shularni hisobga olgan holda, sizdan chipta kassalarida uzoq navbatlarda turib, vaqtingizni behudaga sarflamasligingizni so‘raymiz.

 

 

Manba: Axborot xizmati