“Masofatalim” telegram kanalida “OTMlar nega darslik emas, jurnal yoki gazeta sotib olishi kerak?” nomli postga munosabat

Postda Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi faoliyatiga oid ikkita vaj keltirilgan.

Birinchisi, “Talabalarga darslik yetishmayotgan bir paytda OTMlar Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazidan “O‘zbekistonda oliy ta’lim” jurnali obunasiga mablag‘ sarflayapti” degan vaj. Ammo bu da’voga asos yo‘q. Boisi 2023-yil jurnal obunasi tashkil etilmagan va Respublikadagi barcha davlat va nodavlat OTMlarga 12 000 nusxada bepul yetkazilgan. 2024-yil uchun esa jurnal obunasi ixtiyoriy ravishda tashkil etilishi tavsiya qilingan. Bu tanlov oliy ta’lim muassasalarining o‘zida qolganini, ular istasa obuna bo‘lishi, istamasa obuna bo‘lmasligi mumkinligini anglatadi. Shu o‘rinda, jurnal sahifalarida nashr qilinayotgan maqolalarda sifatli ta’limni tashkil qilish, universitetlar reytingini oshirish, xalqaro tajriba bilan tanishtirib borish kabi muhim masalalarni yoritib borish maqsad qilinganini alohida ta’kidlab o‘tamiz. Jurnalning barcha sonlari bilan elektron formatda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda hamda Markazning rasmiy saytida tanishishingiz mumkin.

Ikkinchi vajda “Bu markaz o‘z saytida keltirgan vazifalarni (rasmda keltirildi) to‘liq bajarsa, ancha-muncha muammolar yechim topardi, nazarimizda. Lekin markaz saytida ochiq ma’lumotlar juda-juda kam. Nima ish qilayotgani, qanday qilayotganini ochib, yoritib bermagan”, deyiladi.

To‘g‘ri, Markaz veb-saytida amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi yoritilmagandir, ammo bu uning faoliyatiga baho berish uchun yetarli asos emas. Markaz o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarmoqda. Xususan, birgina 2023-yilda Markaz tomonidan quyidagilar amalga oshirildi:

* Oliy ta’limni rivojlantirish va ilg‘or xorijiy tajribani tadqiq qilish bo‘yicha 30 dan ziyod dolzarb masalalar yuzasidan axborot-tahliliy hujjatlar tayyorlangan va tegishlicha takliflar kiritilgan.

* OTMlarning metodik jihatdan ta’minlash uchun 2023-yilda 20 nomda, 2024-yilning boshida 20 nomda, jami 40 nomda metodik qo‘llanmalar tayyorlanib, OTMlarga bepul tarqatildi. Ularni Markaz veb-saytidan istalgan odam yuklab olishi mumkin.

* 26 ta ta’lim sohasi kengashlari tashkil etilib, ularning faoliyati muvofiqlashtirildi. Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining 1166 ta malaka talablari, o‘quv rejalari (618 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi, 548 ta magistratura mutaxassisliklari) ekspertizasi amalga oshirilgan.

* Yangi avlod adabiyotlarini yaratish uchun adabiyot.edu.uz platformasi orqali 6 808 nomdagi o‘quv adabiyotlari ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosa berilgan 5 302 nomdagi o‘quv adabiyotlari nashrga ruxsat berilgan.

* 25 ta fan bo‘yicha “Eng yaxshi darslik” tanlovi o‘tkazildi. 146 nomdagi, adadi 23 900 ta o‘quv adabiyotlari, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi talabalar uchun Brayl yozuvida 12 nomdagi adadi 1 290 ta adabiyotlar nashr etilgan va oliy ta’lim muassasalariga yetkazilgan.

* Qat’iy hisobdagi hujjatlarni yuritish borasida 198 ming 7 dona diplom blankalari va 747 dona ko‘krak nishonlari tarqatilgan, 4686 dona diplom dublikatlari rasmiylashtirilgan.

*Axborot-resurs markazlarini o‘zaro integratsiya qilish va raqamlashtirish maqsadida “Elektron kutubxona platformasi” (unilibrary.uz) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur platformaga 429 ming nomdan ortiq adabiyotlar kiritilgan.

* 66 ta oliy ta’lim muassasasi “EBSCO” axborot xizmatlarining 12 ta ma’lumotlar bazasiga ulab berilgan.

* Davlat oliy ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlari fondida mavjud 1 091 383 nomdagi o‘quv adabiyotlari, 745 462 nomdagi ilmiy adabiyotlar to‘liq elektron shaklga o‘tkazilgan.

* Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun fan olimpiadalari tashkil etilgan. Jumladan, “Kimyo”, “Biologiya”, “Fizika” va “Informatika va axborot texnologiyalari” fanlari bo‘yicha respublika, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi II Xalqaro olimpiada (Nukus shahrida 2023-yil 26–27-oktabr kunlari) o‘tkazilgan.

* Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazida 35 dan ortiq oliy ta’lim muassasalariga metodik yordam ko‘rsatish uchun dolzarb mavzularda davra suhbati va seminarlar tashkil etilgan.

Shu o‘rinda, Markaz barcha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq faollari uchun ochiq, barcha savollarga javob berishga tayyor ekanini bildiradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan