OLIY TAʼLIM DASTURLARINI XALQARO TAJRIBA ASOSIDA TAKOMILLASHTIRISHGA QARATILGAN SEMINAR-TRENING BOʻLIB OʻTDI

Joriy yilning 25-iyul kuni Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi tashabbusi bilan oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish masalasiga bagʻishlangan seminar-trening boʻlib oʻtdi. Tadbir ZOOM platformasi orqali onlayn shaklda oʻtkazildi.

Seminar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 26-noyabrdagi kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan vazifalarning (9-band) ijrosini taʼminlash doirasida tashkil etildi. Unda oliy taʼlim tashkilotlarining oʻquv ishlari boʻyicha prorektorlari hamda oʻquv-uslubiy boʻlim rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi direktori Abduvali Xoliqov, direktor oʻrinbosari Muzaffar Esanov hamda bir qator nufuzli oliygohlar vakillari soʻzga chiqdi. Ular 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarining yuqori kurslarida oʻqitiladigan fanlar uchun TOP-300 ga kirgan xorijiy universitetlarning dasturlari asosida yangi oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Xususan, ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston Milliy pedagogika universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universitetining tajribalari asosida olib borilgan ishlar sarhisob qilindi.

Seminar yakunida Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallagan dasturlar asosida modernizatsiya qilish, taʼlim sifatini oshirish va kadrlar tayyorlash tizimini global talablarga moslashtirish muhimligi yana bir bor taʼkidlandi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan