Buxoro davlat universitetida “Bukhara International Mathematics Olympiad – 2026 (BIMO–2026)” hamda “Bukhara International Chemistry Olympiad – 2026 (BICHO–2026)” xalqaro fan olimpiadalari yuqori saviyada o’tmoqda.
Olimpiada dasturiga muvofiq, individual va jamoaviy bosqichlar tashkil etilgan. Individual bahslar oldidan ishtirokchilar metodik yo‘riqnomalar bilan tanishtirilib, xalqaro talablarga mos tarzda jihozlangan auditoriyalarga joylashtirildi. Jarayonlarda akademik halollik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida mahalliy mas’ullar bilan bir qatorda xalqaro ekspertlar ham jalb etilgan.
Jamoaviy bosqichlarda ishtirokchilar to‘rt kishilik jamoalarda matematika va kimyo yo‘nalishlari bo‘yicha murakkab masalalarni yechmoqda. Ushbu bosqichlar talabalarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda, jamoada ishlash, tahliliy va strategik fikrlash ko‘nikmalarini ham baholashga qaratilgan.
Mazkur xalqaro fan olimpiadalari O‘zbekistonda oliy ta’lim va ilm-fan sohasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasi bo‘lib, yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etish, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish hamda ta’lim sohasida tajriba almashishni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Batafsil: https://gov.uz/oz/edu/news/view/124850







