Oliy ta’lim tashkilotlari rahbar xodimlari uchun yangi oʻquv yilida ta’lim jarayonini samarali tashkil etish yuzasidan maxsus o‘quv kursi bo‘lib o‘tmoqda

2025-yil 25–26-avgust kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlar va tegishli bo‘linma rahbarlari uchun maxsus o‘quv kursi tashkil etilmoqda.

Mazkur kursdan yangi oʻquv yilida ta’lim jarayonini samarali yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan bo‘lib, “Yangilangan ta’lim dasturlarida o‘qitish, “HEMIS” va “EduBilling” axborot tizimlari asosida ta’lim jarayonlarini samarali boshqarish, kredit-modul tizimi istiqbollari va kutilayotgan natijalarga qaratilmoqda.

Tadbirni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida yangi 2025/2026 o‘quv yili arafasida oliy ta’lim jarayonlarini yanada takomillashtirish, ilg‘or axborot texnologiyalari va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish zarurligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, ushbu seminar ta’lim sifatini ta’minlash, raqamlashtirishni takomillashtirish yo‘lida muhim amaliy qadam ekanini qayd etdi.

O‘quv kursi davomida ishtirokchilarga quyidagi yo‘nalishlarda amaliy bilim va ko‘nikmalar berilmoqda:

2025/2026 oʻquv yilida kredit taʼlimi tizimiga kirish haftaliklarini samarali tashkil etish;

O‘quv jarayonlarini yangilangan ta’lim dasturlarida olib borish;

HEMIS axborot tizimining imkoniyatlari va oliy ta’lim jarayonlarini avtomatlashtirishdagi o‘rni;

elektron ta’lim xizmatlarini rivojlantirish hamda ta’lim jarayonida axborot texnologiyalarini samarali joriy qilishning ustuvor jihatlari;

Billing.edu.uz tizimi orqali talabalarning kontrakt, kredit-modul va talabalar turar joyi (TTJ) to‘lovlarini hisoblash jarayonlari;

Uzasbo DM bilan integratsiya qilish orqali ushbu to‘lovlarni davlat moliya tizimida aks ettirish mexanizmlari.

Bundan tashqari, o‘quv jarayonini rejalashtirish va tashkil etish, bitiruvchilar bandligini monitoring qilish, registrator ofis faoliyatini samarali tashkil etish kabi masalalar bo‘yicha ham mutaxassislar tomonidan amaliy tavsiyalar berilmoqda.

Mazkur o‘quv kursi 26-avgust kuni ham davom etadi. U oliy ta’lim tizimida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, boshqaruv samaradorligini oshirish va ta’lim sifatini yangi, zamonaviy bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan