Tojikistonda “Study in Uzbekistan” veb-portali loyihasi namoyish etildi

Joriy yilning 6-10-aprel kunlari Tojikiston Respublikasida “Xorijiy davlatlar universitetlarining uchinchi xalqaro festival-koʻrgazmasi Tojikiston–2026” boʻlib oʻtdi.

 

6-aprel kuni Tojikiston Milliy kutubxonasida Xorijiy davlatlar universitetlarining Uchinchi xalqaro festival-koʻrgazmasi — Tojikiston–2026 tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Dilrabo Mansuri, Tojikiston Respublikasi taʼlim va fan vaziri Rahim Saidzoda, diplomatik korpus vakillari, xorijiy davlatlar va Tojikiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalari rahbarlari va vakillari, rivojlanish boʻyicha hamkorlar, shuningdek, dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar va festival ishtirokchilari qatnashdilar.

Rasmiy qism yakunlangach, ishtirokchilar “EXPO-Dushanbe” markazida tashkil etilgan koʻrgazma ekspozitsiyasi bilan tanishdilar. Koʻrgazmada xorijiy davlatlar universitetlari, Oʻzbekiston oliy taʼlim tashkilotlari hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi delegatsiyasi “Study in Uzbekistan” veb-portali loyihasi bilan ishtirok etdi. Namoyish davomida festivalga tashrif buyurgan ishtirokchilar va maktab bitiruvchilariga “Study in Uzbekistan” veb-portali imkoniyatlari va ariza topshirish haqida maʼlumotlar berildi. Bundan tashqari respublika oliy taʼlim tashkilotlarida 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolari uchun ajratilishi koʻzda tutilgan grantlar haqida dastlabki maʼlumotlar yetkazildi.

Festival dasturiga muvofiq, kunning ikkinchi yarmida Tojikiston Milliy kutubxonasida “Taʼlim sifati va xalqaro standartlarga muvofiqligi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unda xorijiy va mahalliy oliy taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etdilar. Davra suhbatida “Study in Uzbekistan” veb-portali loyihasi haqidagi maʼruza bilan ishtirok etildi.

8-aprel kuni dasturga muvofiq Dangʻara tumanida koʻrgazma tashkil etildi. Ushbu koʻrgazmada ham “Study in Uzbekistan” veb-portali loyihasi ishtirokchilarga namoyish etildi.

9-10-aprel kunlari dasturga muvofiq Xoʻjand shaharida koʻrgazma davom ettirildi. Koʻrgazmani ochilish marosimida Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi rasmiy vakili soʻzga chiqqan holda ishtirokchilarga “Study in Uzbekistan” veb-portali loyihasi va xorijiy fuqarolarga ajratilayotgan grantlar haqidagi maʼlumotlar taqdim etdi.

 

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan