Tanlovga Respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, ilmiy izlanuvchilari va boshqaruv xodimlari qatnashishi mumkin.
Maqolalarga qoʻyiladigan umumiy talablar:
— Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalish-
lari, xususan, oliy taʼlim mazmunini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish, oʻquv jarayonlarida qoʻllaniladigan ilgʻor texnologiyalar, kredit-modul tizimi istiqbollari, ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish, “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish, xalqaro reytinglarga kirish, xalqaro hamkorlik va boshqa muhim yoʻnalishlarga bagʻishlangan boʻlishi lozim;
— maqolalar professor-oʻqituvchilar uchun foydali, yangi gʻoyalarni oʻzida aks ettirgan, kelgusida metodologik manba sifatida foydalaniladigan darajada boʻlishi kerak;
— ilmiy tahlil va tugallangan fikrlarga asoslangan, tahliliy-tanqidiy, tanlangan mavzu boʻyicha mavjud muammolar yechimiga oid aniq amaliy taklif va tavsiyalar bilan taqdim etilishi lozim;
— oʻzbek, rus va ingliz tillaridan birida boʻlishi mumkin;
— maqolalarga qoʻyilgan talablar asosida shakllantirilishi va unda muallif haqida maʼlumotlar aniq koʻrsatilishi shart (hajmi 14 shriftda, 1,15 interval bilan, 10–12 betgacha boʻlishi tavsiya qilinadi).
Maqolalar telegram messenjeridagi @EduJournalBot boti orqali qabul qilinadi. (jurnalning 3-soni uchun maqolalar 2022-yil 30-sentyabrga qadar, 4-son uchun 2022-yil 20-noyabrga qadar qabul qilinadi).
Tanlovga topshiriladigan maqolalardagi maʼlumotlarning toʻgʻriligiga mualliflar javobgardir. Maqolalar maxsus mutaxassislardan iborat hayʼat tomonidan koʻrib chiqiladi hamda baholanadi. Eng yaxshi deb topilgan maqola mualliflariga tashkilotchilar tomonidan pul mukofoti va gʻoliblik sertifikati taqdim etiladi.
Eng yaxshi maqola muallifning ish va yashash joyi, lavozimi hamda maqomidan qatʼi nazar, sifat koʻrsatkichlari asosida xolis tanlanadi.
Tanlov mukofot jamgʻarmasi 10 million soʻm:
1-oʻrin 5 000 000 (besh million) soʻm
2-oʻrin 3 000 000 (uch million) soʻm
3-oʻrin 2 000 000 (ikki million) soʻm
Tanlov jarayoni va natijalari haqidagi maʼlumotlar markazning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida eʼlon qilib boriladi. Gʻolib boʻlgan mualliflarning maqolalari esa “Oʻzbekistonda oliy taʼlim” jurnalining kelgusi sonlarida chop etiladi.