Oliy taʼlim muassasalarida samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etish qanchalik muhim?

Joriy yilning 24-fevral kuni Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbatida Buyuk Britaniyaning oliy taʼlim sohasida faoliyat yurituvchi Advance HE tashkiloti xodimlari va ekspertlari oliy taʼlim muassasalarida boshqaruv madaniyatini oshirish borasidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdilar.

Advance HE tashkiloti ijrochi direktori professor Alison Jons (Alison Johns) xonimning taʼkidlashicha, oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan boshqaruv kengashlarining ishini toʻgʻri tashkil etish uchun, avvalambor, boshqaruv kengashlari tarkibiga moliyaviy savodxonligi yuqori boʻlgan insonlarni kiritish, talabalarga mijoz sifatida qarash hamda qaror qabul qilish jarayonida ularning fikralini inobatga olish juda ham muhim boʻlib, mazkur omillar oliy taʼlim tashkilotining samarali faoliyat yuritishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Advance HE tashkilotining eksperti professor Imonn Molloy (Eamonn Molloy)ning fikriga koʻra esa, rivojlanayotgan mamlakatlarning oliy taʼlim muassasalarida samarali boshqaruvga erishishning dastlabki sharti boshqaruvda “velosiped zanjiri” mexanizmini joriy etishdir. Maʼlumki, velosiped zanjirini qattiq siqib yoki oʻta yumshoq qilib qoʻysak velosipedni harakatga keltirish qiyinlashadi.  Shu sababli, boshqaruv jarayonida oʻta qattiq qoʻl boʻlish ham, oʻta yumshoq boʻlish ham yaxshi samara bermaydi. Shu boisdan oliy taʼlim muassasasi boshqaruvida smart boshqaruv mexanizmlarini joriy etish birlamchi vazifa boʻlishi lozim, deb taʼkidlaydi ekspert.

Tadbirda Markaz va Advance HE tashkiloti oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, oliy taʼlim tizimining eng ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha birgalikda tadqiqotlar oʻtkazish hamda hamkorlik doirasida yosh olimlarni Advance HE tashkilotiga qisqa muddatli stajirovkaga yuborish masalalari muhokama etildi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan