Axborot kutubxona va axborot resurs markazlarini raqamlashtirish qay darajada muhim? (+video)

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda turli sohalarni raqamlashtirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bundan axborot resurslari markazlari ham chetda qolayotgani yoʻq. Bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar xususida Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi axborot resurs markazlari faoliyatini monitoring qilish boʻlimi boshligʻi Mahmudjon Mamarasulov bilan suhbatlashdik.
– Bugungi kunda bilamizki, axborot resurs markazlari va axborot kutubxonalari faoliyati keng yoʻlga qoʻyildi. Ularni raqamlashtirish yoʻnalishida ham islohotlar amalga oshirilmoqda. Avvalo axborot resurs markazi va axborot kutubxona tushunchasiga va farqli jihatlariga toʻxtalsangiz?..

– Axborot kutubxona markazlari milliy kutubxona tizimidagi axborot kutubxona markazlari hisoblanadi. Chunki bular keng jamoatchilik foydalanishlari uchun tashkil qilingan. Bundan xalqimiz foydalanishlari mumkin. Axborot resurslari markazlari esa har bir oliy taʼlim muassasasida tashkil etilgan.

Axborot resurs markazlarida professor oʻqituvchilar, talabalar, tadqiqotchilar foydalanishi mumkin. Respublikamiz boʻyicha 116 ta davlat oliy taʼlim muassasasi boʻlsa, shundan 113 tasida axborot resurs markazlari mavjud. Qolgan yangi tashkil qilingan 3 ta oliy taʼlim muassasamizda axborot resurs markazini tashkil etish boʻyicha hozirgi kunda ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

– Axborot resurs markazlarini raqamlashtirish boʻyicha qilinayotgan ishlar qanday?

– Muhtaram Prezidentimizning 2022-yildagi 60-sonli qaroriga asosan oliy taʼlim tizimida kitoblar oʻquv va ilmiy adabiyotlarni raqamlashtirish yoʻnalishi boʻyicha elektron kutubxona platformasini joriy qilish topshirigʻi berilgan. Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi tomonidan ushbu platforma ishlab chiqarilib, bugungi kunda butun bir respublika boʻyicha oliy taʼlim muassasalaridagi mavjud 400 000 dan oshiq oʻquv va ilmiy adabiyotlarni ushbu platformaga joylab, respublikamizdagi barcha talabalar foydalanuvchilar, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar uchun sharoit yaratilgan. Ular oʻzlarini elektron pochtasi orqali roʻyxatdan oʻtadi, keyin umumiy elektron kutubxona platforma bazamizdagi adabiyotlarni elektron shaklda oʻqishlari mumkin, koʻchirib olishlari mumkin.

Uch xil shakldagi adabiyotlar bor. Ochiq holatdagi adabiyotlar, oʻquv va ilmiy adabiyotlar, qisman ochiq va yopiq holatdagi. Xabaringiz bor, mualliflik huquqi masalasi hamisha muhim hisoblanadi. Mualliflaridan ruxsat olinmagan adabiyotlarni yopiq holatda kiritganmiz, ochiq holatdagini foydalanuvchi toʻgʻridan-toʻgʻri bizning kutubxona platformamizdan yuklab olishlari mumkin. Qisman ochiq adabiyotlar yarmigacha joylangan. Uni elektron shaklini toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqish mumkin, lekin yuklab olishda soʻrov yuboriladi. Soʻrovga javob boʻlsa, undan keyin yuklab olish mumkin. Yopiq adabiyotlarimizda oliy taʼlim muassasasiga soʻrov yuboriladi, u soʻrovdan keyin oliy taʼlim muassasasi agar ruxsat bersa, yuklash imkoniyati paydo boʻladi.

– Savol tugʻiladi: mualliflar adabiyotlari nega yopiq holda boʻlishi mumkin?
– Mualliflik huquqi belgilangan adabiyotlarimiz bor. Adabiyotlar nashriyotlarda chop etiladi. Muallif bilan nashriyot oʻrtasida shartnoma tuzilgach, shu asosida uning qilingan xarajatlarini chiqarib olish uchun maʼlum bir summa qoʻyiladi. Shu bois oʻsha summani chiqarib olmaguncha foydalanuvchilar uchun adabiyotlardan tekinga foydalanish imkoni berilmaydi.

Suhbatning davomini quyidagi ilova orqali koʻrishingiz mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan