Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida respublika oliy ta’lim muassasalari iqtidorli talabalari o‘rtasida “Moliyaviy savodxonlik” bo‘yicha turkum fan olimpiadalarining respublika bosqichi rasman boshlandi.
Olimpiada ochilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Soliq qo‘mitasi, TDIU rahbariyati hamda yurtimizning turli hududlaridan kelgan olimpiada final bosqichi ishtirokchilari qatnashdi.
Mazkur olimpiadalarning asosiy maqsadi – iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish, iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda moliyaviy xavfsizlik sohasida kadrlar salohiyatini oshirishdan iborat .
Olimpiadada umumiy iqtisodiyot nazariyasi (A va B kategoriya), moliya, soliq, bank ishi hamda iqtisodiy statistika va ma’lumotlar tahlili fanlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilgan. Tadbir ikki bosqichli tarzda o‘tkazilib, respublika bosqichi yakuniy bosqich hisoblanadi .
Olimpiadalarda respublika bo‘ylab oliy ta’lim muassasalaridan saralangan iqtidorli talabalar ishtirok etmoqda. Turkum olimpiadalar doirasida universitet bosqichlarida 20 mingga yaqin talabalar qamrab olingani mazkur loyihaning keng qamrovli ekanligini ko‘rsatadi. Bu esa yoshlar orasida moliyaviy savodxonlikni oshirish davlat siyosati darajasida ustuvor vazifa sifatida qaralayotganini anglatadi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar test sinovlari, hisob-kitob masalalari va amaliy keyslar asosida bilim va ko‘nikmalarini namoyon etadilar. Yakunda har bir fan bo‘yicha eng yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar I, II va III darajali diplomlar bilan taqdirlanadi








