Namangan davlat universitetida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan Fizika fani bo‘yicha Respublika fan olimpiadasining tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur nufuzli ilmiy bellashuv mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan iqtidorli talabalarni bir maydonda jamladi.
Tadbir avvalida universitet rektori, professor Abdug’affor Qirg’izboyev so‘zga chiqib, ishtirokchilarni samimiy qutladi hamda yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini namoyon etish va zamonaviy ilmiy tafakkurni rivojlantirishda fan olimpiadalarining o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, ochilish marosimida fizika fanining bugungi taraqqiyotdagi ahamiyati, ilmiy izlanishlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgani hamda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida alohida fikr bildirildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga olimpiada nizomi, baholash mezonlari va bellashuv jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun barcha jamoalarga omad tilandi.





