Xitoy Xalq Respublikasining qadimiy va zamonaviy uygʻunlashgan Sian shahrida uchinchi “Xitoy–Oʻzbekiston hududlararo hamkorlik” xalqaro forumi doirasida tashkil etilgan “Study in Uzbekistan” milliy taʼlim koʻrgazmasi bugun rasman oʻz ishini boshladi.
Koʻrgazmada Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov boshchiligidagi Oʻzbekistonning 43 ta yetakchi oliy taʼlim tashkiloti oʻzining taʼlim dasturlari, ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlik yoʻnalishlari hamda xorijiy talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarini namoyish etmoqda.
Tadbir doirasida ikki davlat oliy taʼlim muassasalari vakillari oʻrtasida uchrashuvlar, taqdimotlar, B2B muzokaralari hamda istiqbolli hamkorlik loyihalari yuzasidan muloqotlar olib borilmoqda. Shuningdek, universitetlar oʻrtasida yangi hamkorlik memorandumlari va qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilinmoqda.
“Study in Uzbekistan” koʻrgazmasi mamlakatimiz oliy taʼlim tizimining xalqaro maydondagi nufuzi va salohiyatini keng targʻib qilish, Oʻzbekistonni mintaqadagi muhim taʼlim markazlaridan biri sifatida namoyon etishda muhim platforma vazifasini oʻtaydi.









