Oliy taʼlim boshqaruvi tashkilotlari uchun Erasmus+ sessiyasi

2022-yilning 14-oktyabrda Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnolgiyalarni tatbiq etish markazi hamda Oʻzbekistondagi Eramus+ milliy ofisi tomonidan “Oliy taʼlim boshqaruvi tashkilotlari uchun Erasmus+ sessiyasi” tashkil etildi.  

Tadbirda Erasmus+ milliy ofisi vakillari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilari, talabalari hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi markazlar xodimlari ishtirok etdilar.

Sessiyaning asosiy maqsadi –  Erasmus+ dasturining soʻnggi ishlanmalari va 2022-yildagi tanlov natijalari haqida maʼlumot berish, kelgusida eʼlon qilinishi kutilayotgan oliy taʼlimda salohiyatni oshirish loyihalari toʻgʻrisida axborot taqdim etish hamda oʻzaro fikr almashish, shuningdek Markaz xodimlarining mazkur loyihalarda ishtirok etishi borasidagi tajribalarini oshirishdan iborat.

Qayd etish lozimki, 2022-yil boshidan Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazi Eramus+ milliy ofisi bilan hamkorlikda salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, joriy yilning 23-iyunida Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnolgiyalarni tatbiq etish markazi va Oʻzbekistondagi Eramus+ milliy ofisi oʻrtasida “Oʻzaro hamkorlik va birgalikdagi saʼy-harakatlar toʻgʻrisida” memorandum imzolandi.

Memorandumda nazarda tutilgan kelishuvlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida tomonlar oʻrtasida “2022 – 2023-yilga moʻljallangan hamkorlik boʻyicha yoʻl xaritasi” ham tasdiqlandi. Yoʻl xaritasiga muvofiq, yil davomida qoʻshma konferensiyalar, forumlar, mahorat darslari va seminarlar tashkil etish, loyihalarni ishlab chiqish va Erasmus+ dasturi tanlovlarida ishtirok etishda Markazga yordam berish hamda oliy taʼlimni rivojlantirish boʻyicha milliy ekspertlar jamoasini yangilash kabi bir qator vazifalarni birgalikda amalga oshirish rejalashtirilgan edi. Mazkur tadbir ham aynan mazkur yoʻl xaritasida belgilab olingan vazifalar ijrosini samarali amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbir davomida hali birgalikda amalga oshiriladigan qator chora-tadbirlar ham mavjudligi qayd etildi. Kelajakda mazkur chora-tadbirlar ijrosini oʻzaro hamkorlikda hamda yuqori darajada tashkil etishga kelishib olindi.

Tadbir oʻzaro foydali va qizgʻin bahs-munozaralarga boy tarzda oʻtdi. Tadbir yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, oliy taʼlimni rivojlantirishga oid oʻzaro axborot almashishni yaxshilash, Erasmus+ dasturi doirasidagi loyihalarda Markaz xodimlarining ishtirokini oshirish, hamda oliy taʼlimni rivojlantirish yoʻnalishidagi harakatlarni muvofiqlashtirish borasida muntazam uchrashuvlar oʻtkazib turish toʻgʻrisidagi takliflar ilgari surildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan