Buyuk Britaniya oliy taʼlim muassasalarida sifat kafolatlari qanday taʼminlanadi?

Joriy yilning 31-yanvar kuni Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan vebinarda spiker sifatida ishtirok etgan oliy taʼlim boshqaruvi sohasi boʻyicha ekspert professor Jilin Kem (Gillian Camm) xonim, mazkur mamlakatda taʼlim sifatini taʼminlash borasida qoʻllaniladigan ilgʻor tajribalar borasida toʻxtalib oʻtdi.

Professor Jilin Kemning taʼkidlashicha, ushbu mamlakatda har yili oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifati holatini aniqlash boʻyicha umummilliy talabalar soʻrovnomasi oʻtkaziladi. Soʻrovnomada davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan barcha oliy taʼlim muassasalari hamda kollej talabalari ishtirok etadilar.

Umummilliy talabalar soʻrovnomasi Talabalar ofisi (Office for Students – OfS) nodavlat tashkiloti buyurtmasiga asosan xalqaro tadqiqot kompaniyasi Ipsos Mori (Ipsos MORI) tomonidan oʻtkaziladi. Ushbu soʻrovnomada bir yildan kam boʻlmagan muddatda tahsil oladigan taʼlim dasturlari tinglovchilari, oxirgi bosqich kunduzgi hamda sirtqi taʼlim shakli talabalari qatnashadi. Talabalar quyidagi asosiy mavzularda oʻz fikr-mulohazalarini bildiradi:

– dars berish sifati boʻyicha;

– talabalarga oʻqish uchun yaratilgan sharoitlar boʻyicha;

– talabalar bilimini baholash boʻyicha;

– professor-oʻqituvchilardan akademik yordam olish boʻyicha;

– taʼlim tashkilotining boshqaruv samaradorligi boʻyicha ;

– taʼlim dargohlarida talabalar fikri inobatga olinishi boʻyicha.

Soʻrovnoma natijalari asosida oliy taʼlim muassasalarining reytingi tuziladi. Shu sababli universitet va kollejlar mazkur soʻrovnomada faol ishtirok etishga harakat qilishadi. Professor Jilin Kem xonimning xulosa qilishicha, 2005-yildan beri har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinyotgan mazkur soʻrovnoma oliygohlarda taʼlim sifatining oshishiga xizmat qilmoqda.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan