O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 14-yanvardagi PQ-4954-son qaroriga muvofiq 2022-yilning dekabr oyida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda pedagog xodimlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha “Eng yaxshi innovatsion o‘quv-metodik qo‘llanma” tanlovi o‘tkazildi.
Mazkur tanlovning o‘tkazilishi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar, pedagog xodimlar va yosh ilmiy tadqiqotchilar tomonidan yaratilgan shaxmat bo‘yicha o‘quv-metodik qo‘llanmalarni talaba yoshlar va shaxmatga qiziquvchilar e’tiboriga keng targ‘ib qilishga imkon yaratadi.
Shuningdek, shaxmatning bugungi rivojlanish tendensiyasi unga faqatgina ommalashgan sport turi sifatida emas, balki mamlakat aholisi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyatini oshiruvchi, fikrlash va qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantiruvchi o‘quv-metodik qo‘llanmalar yaratilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Shaxmatning ommaviylashtirilishini ta’minlash orqali bolalar va o‘smirlar, talaba-yoshlarning shaxmat bilan shug‘ullanishiga qiziqishini oshirish, shaxmatni intellektual sport turi sifatida keng yoritish hamda targ‘ib qilish ishlarini tashkillashtirish tanlovning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Tanlov komissiyasining Ishchi organiga pedagog xodimlar tomonidan shaxmatni o‘qitish bo‘yicha yaratilgan 10 nomdagi o‘quv-metodik qo‘llanma belgilangan talablar asosida taqdim etildi.
Tanlov komissiyasiga taqdim etilgan o‘quv-metodik qo‘llanmalar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2022-yil 22-avgustdagi “O‘quv adabiyotlarini tayyorlash tartibi hamda o‘quv adabiyotlarini yaratishga va ulardan oliy ta’lim muassasalarida foydalanishga qo‘yiladigan talablarni belgilash to‘g‘risida”gi 284-son buyrug‘i asosida soha mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan baholash mezonlari asosida baholandi.
Baholash mezoni 8 ta banddan iborat bo‘lib, tanlovda ishtirok etgan barcha o‘quv-metodik qo‘llanmalar har bir ekspert tomonidan sinchkovlik bilan ekspertizadan o‘tkazildi, barcha qo‘llanmalar 100 ballik tizim asosida xolis, shaffof va adolatli ko‘rib chiqildi hamda har bir ekspert tomonidan qo‘yilgan ballning o‘rtachasi hisoblanib tanlov g‘oliblari aniqlandi.
Jumladan,
1. K.Sh.Ziyadullayev, E.M.Jumanov, J.P.Narziyev, A.U.Rashidov “Farzandingiz uchun shaxmat” (O‘zDJTSU) (Baholash mezonlari bo‘yicha qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi – 32,5 ball).
2. D.Mamajonov “Shaxmat nazariyasi va metodikasi” (NamDU) (Baholash mezonlari bo‘yicha qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi – 36,3 ball).
3. X.Turdaliyev, M.Xaylayev, K.Ziyadullayev, E.Jumanov, A.Rashidov “FIDE shaxmat qoidalari” (O‘zDJTSU) (Baholash mezonlari bo‘yicha qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi – 30,0 ball).
4. E.Jumanov “Shaxmat nazariyasi va uslubiyati” (O‘zDJTSU) (Baholash mezonlari bo‘yicha qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi – 51,3 ball).
5. U.Xoliqov “Shaxmat dunyosiga ilk qadam” (GulDU) (Baholash mezonlari bo‘yicha qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi – 86,3 ball).
6. J.Yu.Zulfiqorov “Shaxmat olamiga birinchi qadam” (ChDPU) (Baholash mezonlari bo‘yicha qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi – 51,2 ball).
7. J.Yu.Zulfiqorov “Shaxmat alifbosi va albomi” (ChDPU) (Baholash mezonlari bo‘yicha qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi – 38,8 ball).
8. J.Yu.Zulfiqorov “Shaxmat albomi (Bolalar uchun rasmlarda)” (ChDPU) (Baholash mezonlari bo‘yicha qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi – 20,0 ball).
9. A.X.Maxmudov, J.N.Yakubov, A.T.Axunjonov, J.N.Nurmurodov “Shaxmat” (TDPU) (Baholash mezonlari bo‘yicha qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi – 58,8 ball).
10. G‘.M.Shertaylaqov “Shaxmat sirlarini o‘rganish” (JizPI) (Baholash mezonlari bo‘yicha qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi – 28,8 ball).
Saralash ekspert guruhi tomonidan o‘quv-metodik qo‘llanmalarga berilgan xulosa va baholash mezonlari asosida qo‘yilgan ballarni inobatga olib, pedagog xodimlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha “Eng yaxshi innovatsion o‘quv-metodik qo‘llanma” tanlovining 1-o‘rini 86,3 ball bilan U.Xoliqovning (GulDU) “Shaxmat dunyosiga ilk qadam” nomli o‘quv-metodik qo‘llanmasi, 2-o‘rini 58,8 ball bilan A.X.Maxmudov, J.N.Yakubov, A.T.Axunjonov, J.N.Nurmurodovlarning (TDPU) “Shaxmat” nomli o‘quv-metodik qo‘llanmasi, 3-o‘rini 51,3 ball bilan E.Jumanovning (O‘zDJTSU) “Shaxmat nazariyasi va uslubiyati” nomli o‘quv-metodik qo‘llanmasi g‘olibi deb topildi.