Joriy yilning 25-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tadbiq etish markazida “Masofaviy taʼlimni tashkil etishdagi muammolar va ularning yechimlari” mavzusida ilmiy seminar boʻlib oʻtdi. Bu seminarda masofaviy taʼlimni shaklini joriy holati va muammolarni atroflicha oʻrganib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyunda “Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-279-son qarori qabul qilindi. Unga asosan masofaviy taʼlim shakli qabul parametrlari va yoʻnalishlari tasdiqlandi. Yurtimiz uchun bu taʼlim shakli bir-muncha yangi boʻlganligi sababli, uni 2022-yilda joriy qilishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etishga asosiy urgʻu berildi.
Maskur seminarda mamlakatimizda koʻzga koʻringan professor-oʻqituvchilari va yosh olimlar ishtirok etishdi. Seminar davomida Markaz Nazorat-huquqiy boʻlimi boshligʻi Mamataliyev Toʻlqin Xushmamat oʻgʻli, Oʻzbekistonda ilk masofaviy universitet hisoblangan IT Park universiteti bosh direktori Ayupov Bohodir Shavkatovich hamda Masofaviy taʼlimni shakli joriy qilishda tayanch oliygoh hisoblangan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Masofaviy taʼlim markazi boshligʻi Elov Jamshid Bekmurodovich soʻzga chiqishdi.
Ular tomonidan masofaviy taʼlimda foydalanadigan platformalar sifatini yaxshilash, interaktiv tarzda dars berish imkoniyatlarini yaratish hamda ushbu platformalar xavfsizligini oshirish kabi muhim takliflar berildi.