Joriy yilning 28-iyul kuni Malayziyaning Milliy oliy taʼlim tadqiqotlari instituti vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda oliy taʼlim muassasalariga sunʼiy intellektni joriy etishning ijobiy va salbiy jihatlari, oliy taʼlimda yetakchilik va xalqarolashuv hamda tadqiqot muassasalari oʻrtasidagi xalqaro ilmiy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama etildi.
Dastlab Malayziya Milliy oliy taʼlim tadqiqotlari instituti direktori Doktor Rohayati Mohd Isa xonim institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, amalga oshirilayotgan tadqiqot ishlari, ilmiy kadrlar tayyorlash borasida yoʻlga qoʻyilgan taʼlim dasturlari va institut tomonidan har yili tashkil etiladigan Global oliy taʼlim forumi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Oʻz navbatida, Markaz direktori Shuxrat Yakubov Markazning keng qamrovli faoliyati, oliy taʼlim tizimiga eng soʻngi yangilik va xalqaro standartlarni joriy etish va natijalarini ommalashtirish maqsadida tayyorlangan metodik qoʻllanmalar, akademik mobillik va oliy taʼlimning xalqarolashuvi sohasida amalga oshirilayotgan tadqiqot yoʻnalishlari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.
Tadbir soʻngida Markaz va Malayziya Milliy oliy taʼlim tadqiqotlari instituti oʻrtasida istiqbolda amalga oshiriladigan hamkorlik aloqalarining yoʻnalishlarini aniq belgilash, kutilayotgan natijalarni oldindan sarhisob qilish, birgalikda qilinadigan ishlar boʻyicha yoʻl xaritasini puxta ishlab chiqish hamda qoʻshma tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyish borasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib olindi.