Oʻzbekiston – Malayziya: oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda

Joriy yilning 12-sentyabr kuni Malayziya Oliy taʼlim vazirining Oliy taʼlim masalalari boʻyicha maslahatchisi Doktor Morshidi Sirat boshchiligidagi delegatsiya Markazga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Malayziya delegatsiyasi aʼzolari bilan Markaz rahbariyati va xodimlari oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuv Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi va Malayziya Milliy oliy taʼlim tadqiqotlari instituti oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda Malayziya Milliy oliy taʼlim tadqiqotlari instituti va Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi oʻrtasida imzolanishi kutilayotgan Qoʻshma yoʻl xaritasiga kiritilgan masalalar, jumladan, birgalikda qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, ikki muassasa xodimlari va tadqiqotchilari oʻrtasida almashinuv dasturlarini ishlab chiqish, xalqaro konferensiya va davra suhbatlari oʻtkazish hamda qoʻshma grant loyihalarini ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.

Ushrashuv soʻngida Doktor Morshidi Sirat Markaz rahbariyati va xodimlarini joriy yilning noyabr oyida Kuala-Lumpur shahrida boʻlib oʻtadigan Global oliy taʼlim forumiga taklif etdi. Tomonlar mazkur forum davomida Malayziya Milliy oliy taʼlim tadqiqotlari instituti va Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi oʻrtasida Qoʻshma yoʻl xaritasini imzolashga kelishib oldilar.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan