MATEMATIKA FANI BOʻYICHA XALQARO OLIMPIADA OʻTKAZILADI

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi tomonidan joriy yilning 23–29-oktabr kunlari Nukus shahrida matematika fani bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu xalqaro olimpiadani o‘tkazish bo‘yicha 2018-yil 26-avgustda Vazirlar Mahkamasining qarori (https://lex.uz/docs/-3881652) qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari talabalari oʻrtasida har ikki yilda bir marta matematika boʻyicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada tashkil etiladi.

Mazkur xalqaro olimpiadani tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad buyuk allomaning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targʻib etish, qolaversa, iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlash, ularni fundamental va aniq fanlar bilan shugʻullanishga keng jalb etish hamda ilm-fan yoʻlida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

Hakamlar hayʼati matematika fanidan dunyoning taniqli xalqaro darajadagi ekspertlari, MDH davlatlarining professor-oʻqituvchilari va yurtimizning tajribali professor-olimlari, mahoratli amaliyotchi oʻqituvchilaridan tashkil topadi.

Olimpiada gʻoliblariga (Oʻzbekiston fuqarolari) matematika, fizika, axborot texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha magistratura bosqichiga kvotadan tashqari davlat granti asosida kirish huquqi beriladi.

Mazkur huquq bakalavr bosqichini bitirgandan keyin 3-yil mobaynida saqlab qolinadi.

Batafsil ma’lumot: www.akhimo.uz

71-207-03-43
90-345-99-97

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan