Matematika fani bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi II Xalqaro olimpiadasi ishtirokchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 26-27-oktyabr kunlari Nukus shahrida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida matematika fani bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi II Xalqaro olimpiadasi o‘tkazilib, unda 40 dan ortiq oliygohdan 200 dan ziyod talabalar ishtirok etdi hamda o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.
27-oktyabr kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida o‘tkazilgan olimpiada g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yurtimizda matematika fanining rivoji, taʼlimning barcha bosqichlarida yangicha o‘qitish va matematik tadqiqotlarni olib borish uchun juda keng imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi. Shundan so‘ng matematika fani bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi II Xalqaro olimpiadasi g‘oliblarini tabriklab, ularga diplom va oltin medallarini tantanali ravishda topshirdi.

O‘tkazilgan fan olimpiadasida jamoa hisobida I o‘rinni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, II o‘rinni Turkmaniston Respublikasining Xalqaro gumanitar fanlar va rivojlanish universiteti,  III o‘rinni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti egalladi.

Taqdirlash marosimidan tadbir san’at va madaniyat soha vakillari  tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan