2023-yil davomida 20 mingdan ortiq yangi o‘quv adabiyotlari oliy ta’lim muassasalariga yеtkazildi hamda 5 mingdan ortiq zamonaviy o‘quv adabiyotlari nashr etishga ruxsat berildi.

Oliy ta’lim tizimida professor-o‘qituvchilar, olimlar va soha mutaxassislari tomonidan yaratilgan yangi o‘quv adabiyotlarni nashr etish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Xususan, vazirlik huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi tomonidan 2023-yil davomida qo‘shimcha 76 nomda 19 150 nusxada yangi o‘quv adabiyotlar nashrdan chiqarildi hamda oliy ta’lim muassasalariga yеtkazildi. Natijada respublikamizda faoliyat olib borayotgan hamda yangi tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalarining axborot-kutubxona fondlari yanada boyitildi.

Shuningdek, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi talabalar uchun pedagogika, psixologiya, tarix, matematika, filologiya, biznes va boshqaruv, huquq, xorijiy til, san’at va madaniyat, sport, fizika ixtisosliklari bo‘yicha 12 nomdagi (1 290 nusxada) o‘quv adabiyotlari Brayl yozuvida nashrdan chiqarildi.

Bundan tashqari, vazirlikning yagona elektron kutubxona (unilibrary.uz) platformasiga jami 429 mingdan ortiq o‘quv adabiyotlari (darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, uslubiy ko‘rsatmalar, ma’ruzalar to‘plami, ma’lumotnomalar, lug‘atlar va o‘quv-uslubiy majmualar), 13 715 ta monografiyalar, 58 819  ta ilmiy maqola (tezis)lar, 42 152 ta dissertasiya (avtoreferat)lar, 8 736 ta badiiy adabiyotlarning elektron shakllari joylashtirildi hamda platforma barcha davlat oliy ta’lim muassasalari bilan integratsiya qilindi.

Shu bilan bir qatorda, joriy yilda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlangan jami 5 302 nomdagi (1 360 nomda darslik, 3 942 nomda o‘quv qo‘llanma) o‘quv adabiyotlari soha mutaxassislari tomonidan ekspertizadan o‘tkazildi hamda belgilangan tartibda nashr etishga ruxsat berildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan