
116 ta davlat oliy taʼlim muassasalaridan 114 ta (2 tasi yangi tashkil etilgan) oliy taʼlim muassasasida axborot-resurs markazlari faoliyat yuritib kelmoqda.
Axborot-resurs markazlarida umumiy adabiyotlar fondi 3 602 575 nomda, 23 542 286 nusxani tashkil qiladi.
Axborot-resurs markazlarida 2067,5 nafar xodimlar faoliyat olib boradi. Shundan oliy maʼlumotli xodimlar 971 nafar (327 nafar mutaxassis, 644 nafar nomutaxassis), oʻrta maxsus maʼlumotli xodimlar 1051,5 nafarni (707 nafar mutaxassis, 344,5 nafar nomutaxassis) tashkil qiladi, 45 ta shtat birligi vakant.
Axborot-resurs markazlari mavjud boʻlgan 114 ta oliy taʼlim muassasalarining 76 tasi barcha oʻquv va ilmiy adabiyotlarni toʻliq (100%) elektron shaklga oʻtkazgan boʻlsa-da, qolgan 34 tasida oʻquv va ilmiy adabiyotlarni elektron shaklga oʻtkazish ishlari oxiriga yetkazilmagan. Shundan 4 tasida elektron shaklga oʻtkazish holati 50% ni ham tashkil qilmaydi.
Maʼlumot uchun: Milliy rassomlik va dizayn instituti (26,7%), Toshkent tibbiyot akademiyasi (30,2%), Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti (34,3%), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (42,2%).
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2022-yil 13-iyuldagi
225-sonli buyrugʻi bilan vazirlik huzurida yagona “Elektron kutubxona” platformasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi hamda oliy taʼlim muassasalari zimmasiga oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yuklash vazifasi topshirildi.
Tahlillarga koʻra, “Elektron kutubxona” platformasiga adabiyotlarni joylashi belgilangan 114 ta oliy taʼlim muassasasidan 60 tasi barcha oʻquv va ilmiy adabiyotlarni toʻliq (100%) platformaga joylagan.
Maʼlumot uchun: “Elektron kutubxona” platformasiga Samarqand davlat universiteti (33510 nomda), Toshkent davlat texnika universiteti (29627 nomda), Toshkent davlat transport universiteti (28108 nomda), Toshkent davlat pedagogika universiteti (23444 nomda), Qoraqalpoq davlat universiteti (15424 nomda), Andijon davlat universiteti (11985 nomda) eng koʻp oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yuklagan.
Biroq masʼullarning ushbu masalaga yuzaki munosabatda boʻlishi va ishning toʻgʻri tashkil etilmaganligi sababli 22 ta oliy taʼlim muassasasida (roʻyxat ilova qilinadi) belgilangan topshiriq oʻz vaqtida bajarilmasdan qolmoqda.
Axborot-resurs markazlarining moddiy-texnika bazasi.
114 ta oliy taʼlim muassasalari axborot-resurs markazlarining 50 tasi alohida binoda, 64 tasi moslashtirilgan binolarda faoliyat olib bormoqda.
Davlat oliy taʼlim muassasalari axborot-resurs markazlarida jami 693 ta oʻquv zallari mavjud boʻlib, undagi oʻrinlar soni 24 834 tani tashkil qiladi. Bu koʻrsatgich talabalar soniga nisbatan 2,6% ni tashkil etadi. Oliy taʼlim muassasalarida Axborot-resurs markazidan foydalanuvchilar soni 947 852 tani, professor-oʻqituvchilar va talabalar soniga nisbatan 94,2% ni, kunlik tashrif buyuruvchilar soni esa, 61 099 tani tashkil etadi.
Oʻrganishlarga koʻra, davlat oliy taʼlim muassasalari Axborot-resurs markazlarida quyidagi asosiy muammolar mavjudligi aniqlandi.
Birinchidan, bugungi kunda yangidan tashkil etilgan oliy taʼlim muassasalari axborot-resurs markazlari fondlari ehtiyojni taʼminlay olmaydi.
Maʼlumot uchun: Farmatsevtika texnika universiteti, Namangan toʻqimachilik va sanoat instituti, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti, Fargʻona oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti, “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti shular jumlasidandir.
Ikkinchidan, 50 ta oliy taʼlim muassasalariga avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlari oʻrnatilgan, 34 ta oliy taʼlim muassasasidagi avtomatlashtirilgan kutubxona tizimining texnik taʼminoti toʻxtagan, 8 ta oliy taʼlim muassasasida eskirgan, 22 ta oliy taʼlim muassasasida avtomatlashtirilgan kutubxona tizimi mavjud emas.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Guliston davlat pedagogika instituti, Samarqan davlat arxitektura-qurilish universiteti, Andijon davlat chet tillari instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya institutlarida avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlari texnik taʼminoti toʻxtagan va eskirgan.
Uchinchidan, 12 ta oliy taʼlim muassasasi axborot-resurs markazlarida talabalar va professor-oʻqituvchilarning kitob oʻqishi uchun ajratilgan oʻrinlar sonini yetarli deb boʻlmaydi.
Maʼlumot uchun: Qarshi davlat universiteti 41 ta (umumiy talabalar soni 5164 nafar), Termiz davlat pedagogika instituti 90 ta (umumiy talabalar soni 10601 nafar), Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti 80 ta (umumiy talabalar soni 9152 nafar), Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti 18 ta (umumiy talabalar soni 3552 nafar), Guliston davlat pedagogika instituti 45 ta (umumiy talabalar soni 3918 nafar),
Toʻrtinchidan, 18 ta oliy taʼlim muassasasi axborot-resurs markazlarida ehtiyojdan (talabalar sonidan) kelib chiqqan holda kompyuter bilan taʼminlanganligi talab darajasida emas.
Maʼlumot uchun: Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti 17 ta (umumiy talabalar soni 8658 nafar), Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 16 ta (umumiy talabalar soni 3552 nafar), Andijon davlat chet tillar instituti 8 ta (umumiy talabalar soni 4022 nafar), Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti 7 ta (umumiy talabalar soni 4860 nafar), Namangan davlat pedagogika instituti 0 (umumiy talabalar soni 20810 nafar), Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiallari 0 (umumiy talabalar soni 1488 nafar).
Beshinchidan, oʻrganish natijalariga koʻra, ayrim oliy taʼlim muassasalarining Axborot-resurs markazidan foydalanuvchilar soni oliy taʼlim muassasasidagi jami talabalar va professor-oʻqituvchilarining 50%ni ham tashkil qilmaydi.
Maʼlumot uchun: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʻona filiali 1 496 ta (34%), Oʻzbekiston milliy universiteti 13 137 ta (37%), Jizzax politexnika instituti 4 120 ta (39%), Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 5 324 ta (40%), Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti 3 979 ta (40%) foydalanuvchi.
Oʻrganish natijasida axborot-resurs markazi faoliyatini yanada takomillashtirish, ish samaradorligini oshirish boʻyicha bildirilgan taklif va mulohazalar asosida quyidagi vazifalarni amalga oshirish dolzarb hisoblanadi:
– axborot-resurs markazlari rahbar va xodimlarining malakasini oshirish ishlarni tashkil etish;
– davlat oliy taʼlim muassasalari kutubxona fondidagi oʻquv va ilmiy adabiyotlarni toʻliq elektron shaklga oʻtkazish hamda xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazalaridan yuklab olingan maqolalarni “Elektron kutubxona” tizimiga doimiy ravishda joylab borish;
– oliy taʼlim tizimida sifat samadorlikni taʼminlash, talabalar, tadqiqotchilar va professor-oʻqituvchilarga qulay va sifatli zamonaviy axborot-kutubxona xizmatlarini koʻrsatish maqsadida zamonaviy avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlari va RFID qurilmalarini davlat oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xarid qilinishini tashkil qilish;
– axborot-resurs markazlari foydalanuvchilariga qulaylik yaratish maqsadida oliy taʼlim muassasalari ixtiyoridagi boʻsh turgan binolarni rekonstruksiya qilish, mavjud yertoʻlalarini kutubxona uchun moslashtirish va qulay sharoitlar yaratish;
– axborot-resurs markazlarida talabalar va professor-oʻqituvchilarning kitob oʻqishi uchun ajratilgan oʻrinlar sonini koʻpaytirish, moddiy-texnika bazasi foydalanuvchilar soniga muvofiqligini taʼminlash, ehtiyojdan (talabalar soni) kelib chiqqan holda kompyuter bilan taʼminlanlash choralarini koʻrish;
– talaba-yoshlarni kutubxonaga jalb qilish maqsadida axborot-resurs markazida oʻquv va ilmiy adabiyotlar fondini boyitib borish;
– axborot-resurs markazidagi oʻquv zallarini zamon talablariga mos holatda jihozlash, jumladan, professor-oʻqituvchi va talabalarga dars qilish uchun qulaylik yaratish maqsadida zarur texnika va sovutish vositalari (konditsioner) hamda oʻquv zallarini yumshoq mebellar bilan taʼminlash.