Futbol bo‘yicha “Vazir kubogi” musobaqasi g‘oliblari munosib taqdirlandi

Joriy yilning 6–7-mart kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlar xodimlari o‘rtasida “Vazir kubogi” futbol musobaqasi tashkil etildi.

Musobaqa Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi tomonidan tasdiqlangan “Futbol o‘yini qoidalari” bo‘yicha o‘tkazilib, tajribali hakamlar tomonidan o‘yin qoidalariga asosan boshqarib borildi.

Vazirlik va tizim tashkilotlari xodimlari orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni ommaviy tarzda jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish hamda sportning futbol turini ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan musobaqada tarkibi 10 kishidan iborat 12 ta jamoa qatnashib, bosh sovrin uchun to‘p surishdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra faxrli 3-o‘rinni Innovatsion rivojlanish agentligi, 2-o‘rinni Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi egallagan bo‘lsa, 1-o‘rin va bosh sovrin ko‘chma “Vazir kubogi”ni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi markaziy apparati qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar vazirlikning I, II va III darajali tegishli diplomlar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanib, g‘olib bo‘lgan jamoaga musobaqa ko‘chma kubogi tantanali topshirildi.

Shuningdek, ishtirokchilar orasidan musobaqaning “Eng yaxshi faxriy o‘yinchisi”, “Eng yaxshi darvozaboni”, “Eng yaxshi to‘purari”, “Eng yaxshi o‘yinchisi” nominatsiyalari g‘oliblari ham esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan