O‘zbekiston va Germaniya: Nemis tilini o‘qitish bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Germaniyaning “Ernst Klett AG” kompaniyasi bosh direktori Filip Hausmann boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda nemis tilini o‘qitish tizimini takomillashtirish va ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda kasbiy ta’lim yo‘nalishida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, shu jumladan “Ernst Klett AG” kompaniyasidan xarid qilingan 4 nomdagi nemis tili darsliklarining 6 ming nusxasi kasbiy ta’lim tashkilotlariga yetkazilgani ta’kidlandi.

Tomonlar kelgusida oliy ta’lim muassasalarida nemis tilini o‘qitish uchun o‘quv-metodik bazani takomillashtirish, nemis tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish hamda tibbiyot texnikumlari o‘quvchilarining nemis tilini o‘rganishiga ko‘maklashish va ularning Germaniyada mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

Mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekiston yoshlarining xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish uchun xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan