
19-mart kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov huzurida Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi tomonidan taʼlim tizimining barcha bosqichlari oʻrtasida uzviylik va uzluksizlikni taʼminlash boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Taqdimotda taʼlim dasturlarining uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida axborot berildi.
Shuningdek, maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim, texnikumlar, oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi bosqichlarda oʻqitish dasturlarining integratsiyasi, mavjud muammolar va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida oliy taʼlimga isteʼdodli yoshlarni saralash mexanizmini takomillashtirish, muhandislik va texnik taʼlim yoʻnalishlariga oʻquvchilar qiziqishini oshirish, umumtaʼlim maktablari va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, kasbiy standartlarni zamonaviy talablarga mos ravishda takomillashtirish, tizimdagi fanlararo uzviylikni taʼminlash uchun ilgʻor taʼlim texnologiyalarini joriy etish kabi dolzarb masalalar belgilab olindi.
Vazir taʼlim dasturlarining izchilligini taʼminlash boʻyicha konsepsiya ishlab chiqish, yoshlarni kasbga yoʻnaltirishni samarali tashkil etish, bunda innovatsion yondashuvlardan foydalanish orqali milliy tajribani shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.
Mazkur tashabbuslar taʼlim sifatini oshirish, zamonaviy mehnat bozorining talablariga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash hamda fan, taʼlim va amaliyot integratsiyasini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.