Markaziy bank karta egalarini hushyorlikka chaqirdi

 Markaziy bankning xabar berishicha, bank kartasi egasining roʻyxatdan oʻtgan telefon raqamiga SMS orqali yuborilgan bir martalik tasdiqlovchi kodni kiritmasdan turib, mobil ilovadan roʻyxatdan oʻtish yoki kartani mobil ilovaga biriktirish mumkin emas.

Bank kartalarining xavfsizligini taʼminlash uchun hozirgi kunda yetarlicha choralar koʻrilgan. Bank kartasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va uning PIN-kodini ishlatmasdan, uni mobil ilovalarga biriktirmasdan turib, bank kartasidagi pul mablagʻini yechib olish yoki uni boshqarish imkoniyati yoʻq. Xususan, bank kartasidan mobil ilovalar orqali foydalanish uchun bank kartasining egasiga bir martalik tasdiqlovchi kod yuboriladi. Mazkur kodni belgilangan vaqt oraligʻida tizimga kiritmasdan turib kartani mobil ilova akkauntiga biriktirish mumkin emas.

Bank kartalaridan pul yechib olish holatlari ayrim fuqarolarni firibgarlarning aldoviga ishonib, oʻziga tegishli boʻlgan karta maʼlumotlarini oshkor etishlari natijasida kuzatilmoqda.

Firibgarlik holatlarining oldini olish uchun bank plastik kartani olgach, faqat oʻzining telefon raqamiga SMS xabarnoma xizmati ulanishi zarur. SMS xabarnoma orqali kelgan bir martalik tasdiqlash kodini hech kimga oshkor etmaslik kerak. Chunki, bank yoki toʻlov tashkilotining xodimlari hech qachon sizga yuborilgan tasdiqlash kodlarini, kartangizning toʻliq raqami va amal qilish muddatini soʻramaydi. SMS orqali kelgan xabarni diqqat bilan oʻqing. Unda kartangiz bilan bogʻliq amaliyot toʻgʻrisida maʼlumot va tasdiqlash uchun kod keltiriladi. Ushbu kodni har qanday holatda ham birovga oshkor etmang.

Eslatib oʻtamiz, bank yoki toʻlov tashkilotining mobil ilovalaridan foydalanganingizda murakkab parollarni qoʻllagan maʼqul.

Qolaversa, mobil ilovada roʻyxatdan oʻtkazilgan akkauntingizga kirish uchun faqat oʻzingizning qurilmangizdan foydalaning.

Internet orqali tovar yoki xizmatlarni xarid qilish uchun faqat rasmiy, ishonchli saytlardan foydalaning. Agar sizga toʻlovni amalga oshirish yoki kartangizga pul oʻtkazish maqsadida havola taqdim etilgan boʻlsa, uni qayta tekshirib koʻring. Taklif etilayotgan veb-sahifaning rasmiy ekanligini tekshirish lozim.

Ijtimoiy tarmoqlar va turli messenjerlar orqali sizga joʻnatilgan shubhali havolalarni ochmang. Sizga pul oʻtkazish uchun kartangizning raqamlari va amal qilish muddatini yoki tekshirish maqsadida kod yuborilganligini maʼlum qilib, uni aytishingizni soʻraganlarida, hech qanday maʼlumot bermaslik kerak.

OʻzA

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan