Axborot-kommunikatsiya texonologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish barcha sohada boʻlgani kabi oliy taʼlim tizimi, jumladan, Markaz faoliyatida ham muhim vazifalardan biridir. Bu borada 4 ta yoʻnalish belgilab olinganboʻlib, hozirgi kunda ularning 2 tasi – “adabiyot.edu.uz” hamda “unilibrary.uz” platformalari ishga tushirildi:
– “adabiyot.edu.uz” platformasi orqali oʻquv adabiyotlarini nashr etishga tavsiya berish jarayonini raqamlashtirildi. Bu platforma orqali oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari tomonidan tayyorlangan oʻquv adabiyotlari, yaʼni darslik va oʻquv qoʻllanmalar ekspertizadan oʻtkaziladi. Ijobiy baholangan adabiyotlarni nashr etish uchun elektron shaklda maxsus vazirlik guvohnomasi rasmiylashtiriladi.
– Elektron kutubxona“unilibrary.uz” tizimi ishga tushirilishi natijasida barcha davlat oliy taʼlim muassasalarining axborot resurs markazlari integratsiya qilindi. Kelgusida barcha oliy taʼlim muassasalarida mavjud 4 milliondan ortiq adabiyotlar toʻliq elektron shaklga oʻtkazilib, yagona platformaga joylanadi. Har bir professor-oʻqituvchi va talabaga undan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Yana 2 ta platforma: “Study in Uzbekistan” va “olimpiada.edu.uz” ustida ish olib borilmoqda:
–“Study in Uzbekistan” – “Oʻzbekistonda tahsil ol” maxsus veb-portali ishga tushiriladi. Bu xorijiy mamlakatlar yoshlarini Oʻzbekiston oliy taʼlimiga jalb etish uchun moʻljallangan maxsus portal hisoblanadi. Bunda bilim sohalari, taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklar, oʻqishga qabul tartibi, muddati, oʻziga xosligi boʻyicha maʼlumotlar, shuningdek, barcha oliy taʼlim muassalarining sahifalari mavjud boʻlib, xorijlik yoshlarga muhim maʼlumotlar taqdim etiladi.
–“Onlayn olimpiada” platformasi joriy qilinadi. Bu orqali oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan fan olimpiadalarini elektron shaklda oʻtkazish tizimi yaratiladi. Talabalar uzoq hududlarga bormasdan, oʻz oʻqish joyidan turib, olimpiadada qatnashish imkoniyatiga ega boʻladi.
Yaqinda Oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari uchun yana bir qulaylik yaratildi. Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim toʻgʻrisidagi diplom dublikatlarini olishning yangi tartibi joriy qilindi. Joriy etilgan yangi tartibga koʻra, diplom dublikatini olish istagini bildirgan fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yaʼni “my.gov.uz” sayti orqali murojaat qiladilar, taʼlim muassasasiga borish talab etilmaydi. Fuqarolar ariza qoldirilgandan soʻng 10 ish kunida diplom dublikatini vakolatli organdan olib ketishi, shuningdek, ularning xohishiga qarab, tayyor boʻlgan diplom dublikati pochta xizmati orqali ularning yashash manzillariga yetkazib berilishi ham mumkin.