Oliy ta’lim tizimida professor-o‘qituvchilar, olimlar va soha mutaxassislari tomonidan yaratilgan yangi o‘quv adabiyotlarni nashr etish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Xususan, vazirlik huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi tomonidan 2022-yil davomida qo‘shimcha 171 nomda 38 140 nusxada yangi o‘quv adabiyotlar nashrdan chiqarildi hamda oliy ta’lim muassasalariga yetkazildi. Natijada respublikamizda faoliyat olib borayotgan hamda yangi tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalarining axborot-kutubxona fondlari yanada boyitildi.
Shuningdek, 2023-yilning birinchi choragi uchun qo‘shimcha 90 nomda 21 650 nusxadagi o‘quv adabiyotlarining nashr ishlari yakuniga yetkazildi.
Bundan tashqari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida yagona elektron kutubxona (unilibrary.uz) platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur platformaga jami 148 263 ta o‘quv adabiyotlari (darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, uslubiy ko‘rsatmalar, ma’ruzalar to‘plami, ma’lumotnomalar, lug‘atlar va o‘quv-uslubiy majmualar), 7 255 ta monografiyalar, 14 070 ta ilmiy maqola (tezis)lar, 13 089 ta dissertasiya (avtoreferat)lar, 5 255 ta badiiy adabiyotlarning elektron shakllari joylashtirildi hamda platforma barcha davlat oliy ta’lim muassasalari bilan integratsiya qilindi.
Shu bilan bir qatorda, joriy yilda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlangan jami 4 453 nomdagi (1 493 nomda darslik, 2 960 nomda o‘quv qo‘llanma) o‘quv adabiyotlari soha mutaxassislari tomonidan ekspertizadan o‘tkazildi hamda belgilangan tartibda nashr etishga ruxsat berildi.