“Oliy ta’limda talabalar mustaqil ta’limini tashkil etish: Janubiy Koreya tajribasi misolida”

O‘zbekiston Respublikasi Oliy tа’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi tomonidan shunday nomdagi seminar o‘tkazildi. Unda Respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalari o‘quv-uslubiy boshqarma (bo‘lim) boshliqlari qatnashdi.

Seminarni Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi direktori, yuridik fanlari doktori professor Shuxrat Yakubov kirish so‘z bilan ochib berdi. Direktor bugungi kun oliy ta’lim tizimida mustaqil ta’limga ko‘proq e’tibor berilayotganini ta’kidladi. Shuningdek oliy ta’limda talabalarning o‘quv yuklamasining 60 foizini mustaqil ta’lim tashkil qilayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

Seminarning asosiy ma’ruzachisi sifatida Janubiy Koreyadagi Honam va Xankuk universitetlari professori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilnoza Kalanova ishtirok etdi. U o‘z ma’ruzasida Janubiy Koreya talabalari uchun universitetga kirishdan boshlab mustaqil ta’limga imkoniyatlar yaratib berilganligi, ushbu holat muayyan bir shakl yoki tartiblarda qat’iy belgilab qo‘yilmaganligi hamda har bir universitetda mustaqil ta’limni olib borishning o‘ziga xosligini ta’kidladi.

Shuningdek, talabalar mustaqil ishini baholash mezonlari haqida to‘xtalib, har bir professor semestr boshida talabalarga fan bo‘yicha baholash mezoni haqida ma’lumot berishi va bu jarayonni professorlar mustaqil belgilagani bois hammada turlicha baholash mezoni qo‘llanishini aytib o‘tdi.

Mazkur seminarda Yangi Asr universiteti dotsenti, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shoira Bekchanova ham o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi hamda mustaqil ta’limni tashkil etish bo‘yicha milliy tajriba haqida ma’lumot berdi. Seminar yakunida tinglovchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan