
Joriy yilning 27-mart kuni Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan vebinarda Buyuk Britaniyaning oliy taʼlim sohasida faoliyat yurituvchi Advance HE tashkiloti hamda Glostershir universitetining ekspertlari oliy taʼlim muassasalarining akademik va institutsional mustaqilligini taʼminlash, korporativ boshqaruv, akademik boshqaruv hamda ijroiya apparati oʻrtasida muvozanatni saqlash borasidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdilar.
Glostershir universitetining boshqaruv va talabalar bilan ishlash boʻyicha prorektori professor Metyu Endryus (Matthew Andrews)ning taʼkidlashicha, institutsional mustaqillik oliy taʼlim muassasalariga talabalarni oʻzlari belgilagan mezonlar orqali oʻqishga qabul qilish, oʻquv rejasini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash, talabalarga belgilangan malakalarni berish, xodimlarni mustaqil ravishda ishga qabul hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish kabi qator huquqlarni taqdim etadi.
Ammo oliy taʼlim muassasalariga boshqaruvda institutsional mustaqillikning berilishi mutlaq mustaqillikni anglatmaydi. Balki davlatning oliy taʼlim muassasalarini toʻgʻridan-toʻgʻri nazorat qilish funksiyasining cheklanganligini nazarda tutadi. Biroq davlat umummajburiy standartlarning bajarilishi, moliyaviy koʻmak berish hamda taʼlim sifatini taʼminlash bilan bogʻliq tarib-taomillar orqali oliy taʼlim muassasalarini bevosita boshqarish huquqini saqlab qoladi.
Akademik mustaqillik oliy taʼlim muassasalariga soʻz va ijod erkinligini taqdim etish orqali ularning yanada taraqqiy etishiga zamin yaratadi. Shu bois oʻquv va ilmiy faoliyatni oʻzida mujassam etgan akademik boshqaruvni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish muhim hisoblanadi. Oliy taʼlim muassasasida oʻquv va ilmiy faoliyat qanchalik toʻgʻri tashkil etilgan boʻlsa, dars jarayoni va ilmiy tadqiqotlarning sifati ham shunchalik ortib boradi.