Mamlakatimizda oliy taʼlim sohasidagi islohotlar natijasida oʻtgan 6 yil mobaynida davlat oliy taʼlim muassasalari soni 77 tadan
114 taga yetib, ularda tahsil olayotgan talabalar soni 1,3 mln[1]dan ortiq, yaʼni olti barobarga oshdi.
Natijada taʼlim olishda muhim oʻringa ega boʻlgan axborot-resurs markazlariga boʻlgan talab va ehtiyoj ham oshdi.
Oʻquv va ilmiy-tadqiqot jarayonini zamonaviy darslik, oʻquv qoʻllanma va adabiyotlar, shuningdek, ilmiy nashrlar, oʻquv-uslubiy, ilmiy-metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash, talabalar uchun ilgʻor elektron maʼlumotlar bazalaridan foydalanish yuzasidan sharoitlar yaratilmoqda (1-ilova).
Maʼlumot uchun: Vazirlik huzurida “Elektron kutubxona” platformasi yaratildi. Hozirda professor-oʻqituvchilar va talabalarni aʼzo qilish yuzasidan targʻibot ishlari olib borilmoqda.
Rivojlangan davlatlar oliy taʼlim muassasalari zamonaviy avtomat-lashtirilgan kutubxona tizimlari va RFID qurilmalaridan keng foydalangan holda talabalarning adabiyotlarga boʻlgan talab va ehtiyojlarini taʼminlaydi.
Maʼlumot uchun: MDH davlatlari, jumladan Rossiya Federatsiyasi oliy taʼlim muaassasalarida IRBIS 64+, MEGAPRO, RUSLAN, MARK-SQL, Belarus Respublikasida MARK-SQL, “ALIS WEB” va IRBIS 64+, Qozogʻiston Respublikasida RABIS, IRBIS 64+, KABIS kabi avtomat-lashtirilgan kutubxona tizimlaridan foydalanilmoqda.
Respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalari tomonidan hozirda foydalanib kelinayogan ARMAT, KARMAT va KADATA avtomat-lashtirilgan kutubxona tizimlari zamon talablariga javob bermaydi va samarasiz, aksariyati esa ishlamayapti.
55 ta oliy taʼlim muassasalariga avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlari oʻrnatilgan, 11 ta oliy taʼlim muassasasidagi avtomatlash-tirilgan kutubxona tizimining texnik taʼminoti toʻxtatilgan boʻlib, 8 ta oliy taʼlim muassasasida eskirgan, 47 ta oliy taʼlim muassasasida avtomatlashtirilgan kutubxona tizimi mavjud emas.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Buxoro davlat universiteti, Buxoro muhandislik texnologiya instituti, Termiz davlat pedagogika instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali, Guliston davlat universitetlarida avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlari texnik taʼminoti toʻxtagan va eskirgan.
Natijada, davlat oliy taʼlim muassasalarida axborot-kutubxona xizmatini koʻrsatish sohasida bir qator muammolar saqlanib qolmoqda:
- a) axborot-resurs markazlarida barcha kitoblar, jurnallar va boshqa hujjatlarni qayd qilish, kutubxonaga aʼzo boʻlganlarni roʻyxatga olish, buyurtmalarni roʻyxatlashtirish, kirim qilinayotgan kitoblarni roʻyxatga olish kabi ishlar qogʻoz shaklda yuritilmoqda;
- b) adabiyotlarga klassifikator boʻyicha indekslar qoʻyish; bibliografik qidirish, yigʻma elektron kataloglarni yaratish imkoniyati yoʻq;
- v) fakultetlar, oʻquv binolari va talabalar turar joylaridagi kutubxonalar bilan ichki aloqa tizimi mavjud emas.
Hozirda oliy taʼlim muassasalari asosan ikkita avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlaridan foydalanmoqda.
Jumladan, respublikamizda ishlab chiqilgan AKBT (Axborot kutubxonani boshqarish tizimi) milliy dasturi 12 ta davlat oliy taʼlim muassasalarida toʻliq joriy qilingan boʻlib, ulardan samarali foydalanilmoqda.
Maʼlumot uchun: Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer hamda Shaxrisabz filiallari, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali, Navoiy davlat pedagogika instituti, Navoiy konchilik va texnologiyalar universitetlarida AKBT dasturi mavjud.
Shuningdek, 24 ta davlat oliy taʼlim muassasalarida IRBIS 64+ tizimi oʻrnatilgan boʻlib, mazkur dastur ham toʻliq talablarga javob beradi (2-ilova).
Maʼlumot uchun: Toshkent davlat transport universiteti, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti kabi oliy taʼlim muassasalarida IRBIS 64+ tizimi mavjud.
Bundan tashqari, hozirda 15 ta davlat oliy taʼlim muassasalari axborot-resurs markazlariga RFID qurilmalarni oʻrnatgan va talabalar, professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilar sifatli kutubxona xizmatidan foydalanishmoqda (3-ilova).
Maʼlumot uchun: Geologiya fanlari universiteti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Qarshi davlat universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent moliya kabi institutlarda RFID qurilmalari oʻrnatgan.
RFID qurilmasining ahamiyatli tomoni kitob fondlari bilan operatsiyalarda inson omilining taʼsirini kamaytirish va notoʻgʻri identifikatsiyalashning oldini olish;
kutubxona ishining samaradorligini oshirish va oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish stansiyalarini joriy qilish orqali kutubxona foydalanuvchi-lariga xizmat koʻrsatish tezligini oshirish;
inventarizatsiya vaqtini qisqartirish, kitob fondining saqlanishini taʼminlash, kitoblarni fond ichida va undan tashqarida koʻchirish jarayonini oshkora qilish, kutubxona talablariga muvofiq eksponatlarni tezda tashkil qilish, ilmiy va taʼlim resurslariga tezkor kirish orqali taʼlim samaradorligini sezilarli darajada oshirish.
Mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha qoʻyidagilar taklif etiladi:
- Hozirda kechki, sirtqi va masofaviy taʼlim shakllari joriy etilganligi munosabati bilan oliy taʼlim muassalarining axborot-resurs markazlarida foydalanib kelinayotgan avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlarini yana takomillashtirish;
- Oliy taʼlimda sifat samadorlikni taʼminlash maqsadida foydalanuvchilarga qulay va sifatli zamonaviy axborot-kutubxona xizmatlariini koʻrsatish, buning uchun barcha oliy taʼlim muassasalari tomonidan avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlari uchun zarur boʻlgan dastur va qurilmalarini byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan xarid qilinishini tashkil qilish;
- Axborot-resurs markazlari xodimlarining malakasini oshirish ishlarni tashkil etish va avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlari boʻyicha oʻquv-seminarlar tashkil etish.
1-ilova
Respublika oliy taʼlim muassasalari tomonidan hozirda foydalanib kelinayogan avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlari toʻgʻrisida MAʼLUMOT
№ | Avtomatlashtirilgan kutubxona tizimi | Foydalanayotgan OTMlar soni | Izoh |
1. | ARMAT | 5 | Texnik taʼminot tizimi toʻxtagan |
2. | Oʻz dasturiga ega | 19 | OTM masʼul xodimlari tomonidan yaratilgan |
3. | IRBIS 32 | 4 | Avtomatlashtirilgan kutubxona tizimi eskirgan |
4. | IRBIS 64+ | 24 | Zamonaviy va doimiy taʼminot tizimiga ega |
5. | AKBT | 12 | Yangi milliy tizim, takomillashtirilishi zarur |
6. | KARMAT | 1 | Texnik taʼminot tizimi toʻxtagan |
7. | Boshqa dasturlar | 1 | Texnik taʼminot tizimi mavjud |
8. | Mavjud emas | 47 | Oliy taʼlim muassasasida avtomatlashtirilgan kutubxona tizimi mavjud emas |
JAMI | 113 |
2-ilova
IRBIS 64+ tizimi oʻrnatilgan davlat oliy taʼlim muassasalari ROʻYXATI
№ | Oliy taʼlim muassasalar nomi |
1. | Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti |
2. | Oʻzbekiston davlat Jahon tillari universiteti |
3. | Toshkent davlat transport universiteti |
4. | Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (Toshkent moliya instituti) |
5. | “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti |
6. | Toshkent axborot texnologiyalari universiteti |
7. | Oʻzbekiston Milliy universiteti |
8. | Geologiya fanlari universiteti |
9. | Toshkent davlat texnika universiteti |
10. | Toshkent tibbiyot akademiyasi |
11. | Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti |
12. | Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti |
13. | Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti |
14. | “Yangi Oʻzbekiston” universiteti |
15. | Toshkent davlat stomatologiya instituti |
16. | Andijon davlat tibbiyot insituti |
17. | Buxoro davlat tibbiyot instituti |
18. | Qarshi davlat universiteti |
19. | Shahrisabz davlat pedagogika instituti |
20. | Urganch davlat universiteti |
21. | Qoraqalpoq davlat universiteti |
22. | Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti |
23. | Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʻona filiali |
24. | Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Fargʻona filiali |
JAMI: 24 |
3-ilova
RFID qurilmalari oʻrnatilgan davlat oliy taʼlim muassasalari ROʻYXATI
№ | Foydalanayotgan OTMlar nomi |
1. | Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti |
2. | Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (Toshkent moliya instituti) |
3. | “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti |
4. | Toshkent axborot texnologiyalari universiteti |
5. | Geologiya fanlari universiteti |
6. | Toshkent tibbiyot akademiyasi |
7. | Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti |
8. | “Yangi Oʻzbekiston” universiteti |
9. | Toshkent davlat stomatologiya instituti |
10. | Andijon davlat tibbiyot insituti |
11. | Buxoro davlat tibbiyot instituti |
12. | Qarshi davlat universiteti |
13. | Shahrisabz davlat pedagogika instituti |
14. | Samarqand davlat universiteti |
15. | Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʻona filiali |
JAMI: 15 |
[1] https://stat.edu.uz/universities saytidan olingan maʼlumotga koʻra, nodavlat (67 ta) va xorijiy (29 ta) oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar xam hisobga olingan.