Xalqaro hamkorlik milliy oliy taʼlim taraqqiyotining muhim bosqichi hisoblanadi. Oliy taʼlim tizimidagi xalqaro hamkorlik masalasi ham muvafaqqiyatli natijalarni qoʻlga kiritishda muhim jihat hisoblanadi. Xorij tajribasi esa sinalgan va ishonchli andozalarni ishlab chiqishning bitmas-tuganmas manbaidir. Shuning uchun oliy taʼlim tizimi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar faoliyatida sifatli taʼlim boʻyicha dunyoda yuqori oʻrinlarda turuvchi davlatlar tajribasi muntazam tahlil qilib borilyapti.
Bundan tashqari, Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazi hamda Erasmus+ Milliy ofisi bilan hamkorlik Memorandumi imzolandi. Hamkorlik Memorandumi asosida, birgalikdagi amaliy ishlarni oʻzida aks ettirgan “Yoʻl xarita”si tasdiqlandi va quyidagi yoʻnalishlar belgilab olindi:
– Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini rivojlantirishga oid tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirish, bu jarayonga xorijiy ekspertlarni jalb qilish;
– YUNESKO, Yevropa Ittifoqi tajribasini hisobga olgan holda, oliy taʼlimning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma tahliliy hisobotlarni tayyorlash;
– hamkorlikda forsayt tadbirlar, master-klasslar oʻtkazish.
Shuningdek, Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan yaqin hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. Vakolatxona bilan hamkorlikda respublika oliy taʼlim muassasalari uchun Buyuk Britaniyaning nufuzli universitetlari professor-oʻqituvchilari hamda tadqiqot markazlari ekspertlarining vebinarlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.